O'zMU » Yangiliklar » Yoshlarning ma’naviy qalqoni Bilim va tafakkur – yoshlar qalbida mafkuraviy immunitetni oshirishda eng muhim omildir.

      Kitob yo gazeta-jurnal o’qish talaba tafakkurini qanchalik boyitsa, yuzma-yuz muloqotlar, davra suhbatlari uning tasavvurini yanada kengaytiradi, bilimini boyitadi, dunyoqarashini kengaytiradi. Yaqinda Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Madaniyat saroyi katta zalida o’tkazilgan “Diniy ekstremizm va terrorizmning oldini olish yoxud niqob ortidagi dinimiz dushmanlari” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbirda talaba-yoshlarning bu boradagi tasavvurlari yanada kengayishi barobarida ular qalbida mafkuraviy immunitetlari ham oshgani shak-shubhasiz.

Universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov bugungi kunda kurrai zaminda yuz berayotgan voqyea-hodisalarga hyech kim befarq emasligi haqida so’z yuritar ekan, qalbida ona Vatanga muhabbat tuyg’usi jo’sh urayotgan talaba-yoshlar endi oq bilan qorani, dunyoni tahlikaga solayotgan yovuz kuchlarga qarshi tinchlikparvar insonlarning qarashlari qanday bo’lishi zarurligini teran nigoh bilan anglashi haqida alohida ta’kidladi.

 

 

      O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri Alisher Vahobov davlatimiz rahbari Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda so’nggi yillarda amalga oshirilayotgan ulug’vor ishlar, ayniqsa, yoshlarga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko’tarilganini alohida ta’kidladi. Darhaqiqat, mamlakatimizda bu yil oliy ta’limni yanada rivojlantirishga 317 milliard so’m ajratilgani va shunga yarasha qanchadan-qancha umidbaxsh loyihalar amalga oshirilayotgani kimning qalbini to’lqinlantirmaydi? Xo’sh, bu sa’y-harakatlar kim uchun, nima maqsadda amalga oshirilmoqda? Albatta, kelajagimiz bo’lmish yoshlarning kelgusida baxtli-saodatli yashashlari, ularning dunyoda hyech kimdan emasligi va hyech kimdan kam bo’lmasligi uchun shunday ulug’vor yo’l tanlanganini his etmaslik mumkinmi?

      Ma’ruzada dunyoning ayrim hududlarida qonli to’qnashuvlar, to’s-to’polonlar hamon davom etayotgani, ayniqsa, Iroq va Suriyadagi voqyea-hodisalar butun dunyo ahlini talikaga solayotgani haqida tahliliy fikrlar bayon etildi. Muqaddas dinimiz dushmanlari qo’lida qo’g’irchoq bo’layotgan bir to’da terrorchilar tomonidan qilinayotgan qo’poruvchiliklar, yovuzliklar har qanday kishining qalbini larzaga soladi...

      Madaniyat saroyi sahnasida diniy ekstremizm va terrorizmni aks ettiruvchi videolavhalar namoyish etilishi asnosida Vazir Mahkamasi huzurudagi Din ishlari bo’yicha qo’mita ma’sul xodimi Bahodirjon Daminov IShID terrorchi tashkiloti vahshiyona harakatlarini hamon davom ettirayotganini izohlab berdi.

 

 

      Aytish joizki, har bir inson tinch, xotirjam yashashni istaydi. Bugungi tahlikali zamonda ana shu tinchlik-osoyishtalikni qo’msab yashayotganlar ham kam emas. Necha yillardan beri global muammolar sanalgan diniy ekstremizm va terrorizm tarafdorlari hamon o’zlarining g’arazli niyatlarini davom ettirib, qanchadan-qancha odamlar yostig’ini quritmoqda, ular hayotiga zomin bo’lishmoqda. Ma’ruzada qayd etilganidek, 2013 yilda “Iroq islom davlati” va “al-Qoida”ning Suriya hududlarida faoliyat yuritayotgan terrorchi guruhlari birlashuvidan vujudga kelgan “Iroq va Shom islom davlati (IShID)” buning yaqqol misolidir. IShID gazandalari “xalifalik qurish” shiori ostida hokimiyatni qo’lga kiritishni maqsad qilgan. “IShID”chilar odamlarga o’zlarining g’oyalari hamda qarashlarini majburan singdirmoqdalar. Ularning “yo’rig’iga” yurmayotganlarni ommaviy qatl qilish bilan birga va bu lavhalarni Internet orqali butun dunyoga namoyish etmoqdalar. Hozirgi kunda “IShID”chilar vahshiylik va ommaviy qatl bo’yicha dunyoda “yetakchilik” qilmoqda. IShIDning vahshiylarcha harakati, minglab begunoh insonlarni shafqatsizlarcha qatl ettirishi ularning asl basharasini ochib berdi. Bu terrorchilarning tinch aholiga azob berayotgani va boshqa barcha xatti-harakatlari, da’volari Islom dini mohiyatiga butkul zid ekani hujjat-dalillar asosida isbotlangan. Afsuski, hozirki kunda ayrim g’o’r yoshlar o’z yurtini tashlab turli jangari guruhlar safiga borib qo’shilayotgani ham sir emas. Ularning xunrezliklari oqibatida yoshu qari birdek qurbon bo’lmoqda. Hozirgi kunda Iroq va Suriyaning kattagina hududini bosib olgan IShID nafaqat yon-atrofdagi mamlakatlarga, balki butun dunyoga xavf solmoqda. Ularning asl maqsadlari islom dini e’tiqodchilarini kofirga chiqarish orqali yo’q qilish, o’zlari yashaydigan yerdan boshqa joyni kufr deb hijratga chorlash, qabih niyatlarda “jihod” qilishga undash bo’lib, bu munosabatlarda uchinchi tomon borligi ham aniq. Qachondir bu mamlakatlarda ham tinchlik qarro topar, biroq, urush oqibatida hayotdan ko’z yumgan minglab odamlar hayotini, ota-onasidan erta judo bo’lgan bolalar iztiroblarini, farzandlaridan ayrilgan ota-onalar faryodlariga hyech qanday malham yo’q. Tan jarohati bitsa-da, qalb jarohati bitmaydi...

 

 

      Tinch, osoyishta zamindagina hayot farovon bo’ladi, taraqqiyot davom etadi! Insonlar qalbida kelajakka ishonch tuyg’ulari jo’sh uradi. Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbirdan ko’zlangan maqsad ham shunga qaratilgan. Eng muhimi, talaba-yoshlarni dunyoda kechayotgan mudhish voqyea-hodisalardan ogoh etish barobarida ularni bunday oqimlarga kirib ketishining oldini olish, yot illatlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish, doimo sergaklikka va ogohlikka da’vat etishdir.

 

 

      Bugun biz dunyoning bir chekkasida sodir bo’layotgan bunday xunrezliklar, qon to’kilishlar sababini ham yaxshi tushunamiz. Shunga yarasha har bir talaba qalbida, ongu shuurida mafkuraviy immunitet oshib bormoqda.

      Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda aytilgan har bir fikr talabalarda katta qiziqish uyg’otdi. Xulosa o’rnida aytish joizki, yurtimizda tinchlikni saqlash, osoyishta hayotimizni qadrlash har birimizning muqaddas burchimizga aylanmog’i lozim.

 

Erkin USMONOV,

“O’zbekiston Milliy universiteti” gazetasi muxbiri