O'zMU » Talabalar ijodidan » BIZ TARAQQIYOT YO`LIDAMIZ

 BIZ TARAQQIYOT YO`LIDAMIZ


             Ta`lim olish, oliy o`quv yurtini tamomlab, jamiyat uchun kerakli kadr, atrofimizdagilar uchun ahamiyatli inson bo`lish barchamizning maqsadimiz. Aynan shunday ezgu maqsadlarimiz nafaqat o`zimizning, balki butun mamlakatimizning hayotida, taraqqiyotida qanchalik katta ahamiyat kasb etishini tasavvur qila olasizmi?

              Tarix bizga takror va takror tasdiqlagan haqiqatlar bisyor. Ulardan biri shuki, har qanday davlatning chin ma`noda ravnaq topishi uchun avvalambor o`sha mamlakatda ilmu-fan, ta`lim-tarbiya taraqqiy etishi zarur. Bugun bu haqiqat butun bo`y basti bilan namoyon bo`lmoqda. Ya`ni,  intellektual mulkning ahamiyati har qachongidan ham yuqori bo`lgan bir davrda faqatgina kuchli ta`lim tizimi orqali katta marralarga erisha olamiz. Aynan shu nuqtai nazardan mamlakatimizda katta e’tibor ham, mablag` ham ta’limga yo`naltirilgan. Mutafakkirlarimiz yoqqan ilmu-ma’rifat mayog’i yurtimiz yoshlari qalbida bugun ham alangalanib turibdi. Ulardagi bu chanqoqlikni qondirish uchun esa, chin ma’noda beqiyos imkoniyatlar yaratilgan.

             Ular haqida so`z borganda har birimizning yuragimiz faxrga to`ladi. Bu iftixor boisi shundaki, barchamizga yaqin tarixdan ma’lum bo`lgan har tomonlama murakkab bir vaziyatdan munosib qarorlarni qabul qilib chiqib ketish va qisqa muddatda shu qadar imkoniyatni yarata olish haqiqiy donishmandlikni talab qiladi. Shuning uchun ham dunyo ahli bu borada yurtboshimizning, xalqimizning donishmandligiga tahsinlar aytishadi. Prezidentimiz Islom Karimov “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo`lida xizmat qilish - eng oliy saodatdir” asarlarida ta’lim borasida kechagi va bugungi kunimizni taqqoslab fikr yuritar ekanlar, bu tizim bizning chinakam yutug`imiz ekanligini ta’kidlaydilar. Yurtboshimiz aytib o`tganlaridek, yaqin qo`shnilarimiz bo`lgan davlatlarda yoshlarning 50-60 foizi savodsiz bo`lib turgan, juda ko`plab dunyo mamlakatlari yoshlari bepul ta`lim olishni hayollariga ham keltirmagan bir davrda bizda yaratilgan sharoitlarga har qancha shukrona keltirsak arziydi. Asarda jumladan shunday deyiladi: “Bugungi avlod biz bundan 18 yil oldin qabul qilgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturining mevasi bo`lib, o`sha paytlar biz maqsad qilgan “portlash effekti” ro`y bermoqda”. Bularning barchasi tinimsiz mehnat, puxta o’ylangan strategik  maqsadlarning mevasi albatta. Oddiygina, ta’lim-tarbiya sohasiga har yili sarflanadigan harajatlar yalpi ichki mahsulotga nisbatan 10-12 foizni tashkil etishi bu tizimdan kutilayotgan natijalarning ham naqadar salmoqli ekanligini bildiradi. Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ortig`ini yoshlar tashkil qiladi. Maktab va o`rta ta`lim yoshidagilarning barchasi majburiy va o`rta ta’limga jalb qilingan. Egallagan bilimlarini mustahkamlab, chinakam kadr bo`lib yetishishni maqsad qilgan yoshlarimiz oliy o`quv yurtlarida tahsil olib kelmoqda. Jumladan, O`zbekiston Milliy Universiteti ham ertamiz egalarini tarbiyalashda yetakchi dargohlardan sanaladi.

            Biz o`z hayot darajamizni oshirishga intilar ekanmiz, bevosita yurtimiz taraqqiyotiga ham hissa qo`shamiz. O`qituvchi bo`lsak, bergan ta`limimiz bilan, talaba bo`lsak, egallagan bilimimiz bilan shu Vatanga xizmat qilamiz. Barcha mehnatlarimizning boisi shundaki, biz shunchaki hayot kechirish emas, taraqqiyot yo`lini tanlaganmiz. Nazarimizda bu yo`lda yanada ildamroq bo`lish uchun aynan ta’lim sohasida yangidan yangi ufqlarni ochmog`imiz zarur. Zero, biz talabalardan berilgan barcha imkoniyatlarga javoban kutilayotgan natija ham  shu.

 

Jonuzoqova Chaman – Xorijiy filologiya fakulteti 2-bosqich talabasi,

“Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sovrindori