Rektor

Hurmatli do`stlar!

O`zbekiston Milliy universitetining Vatanimiz tarixi va taraqqiyotidagi alohida o`rni va mavqeini, uning nafaqat respublikamizda, balki mintaqamizda ham birinchi zamonaviy oliy ta`lim muassasasi sifatidagi beqiyos ahamiyatini xalqimiz, jamoatchiligimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Bu mo``tabar oliy o`quv dargohining o`tgan asrning 18-yilida Turkiston musulmonlari xalq dorilfununi, 20-yilda Turkiston davlat universiteti, 23-yilda O`rta Osiyo davlat universiteti, 60-yilga kelib Turkiston musilmonlari xalq dorilfununi deb atalgani va nihoyat, 2000 yili Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti degan yuksak nom olgani uning uzoq va davomli, shu bilan birga, sharafli tarixiy yo`lni bosib o`tganidan dalolat beradi.

Hech shubhasiz, bu, o`z navbatida, universitetning hayoti O`zbekiston hayoti bilan uzluksiz va chambarchas bog`lanib kelganini, Vatanimiz qanday mashaqqatli o`sish va yukalish jarayonlarini boshidan kechirgan bo`lsa, ularning barchasi ushbu bilim dargohi timsolida aks etganini ko`rsatadi va bu betakror fan o`chog`i, ta`lim maskaniga nisbatan chuqur hurmat va ehtirom uyg`otadi.

Bugun universitetning 100 yillik qutlug` to`yini keng nishonlar ekanmiz, uning uzoq, yillar mobaynida yurtimiz va qo`shni davlatlarni yuqori malakali kadrlar bilan ta`minlash, O`rta Osiyodagi ko`plab oliy o`quv yurtlari va ilmiy tadqiqot muassasalarini shakllantirishga qo`shgan ulkan hissasi, hozirgi vaqtda mamlakatimizdagi barcha universitetlar uchun har tomonlama tayanch maskani bo`lib kelayotganini ta`kidlashimiz tabiiydir.

Xalqimizning beqiyos ilmiy-madaniy merosini o`rganish, shu orqali yosh avlod qalbida istiqlol g`oyalariga sadoqat, vatanparvarlik va fidoiylik tuyg`ularini kamol toptirish borasida universitetda amalga oshirilgan ishlar, ayniqsa, e`tiborga molik. Jamiyatning ilmiy-madaniy salohiyatini yuksaltirish, jahon andozalariga mos ilmiy tadqiqotlar olib borish, fanning muhim sohalari bo`yicha ilmiy maktablarni shakllantirish va ular faoliyatini davomiyligini ta`minlash borasida ham e`tiborga molik yutuqlarga erishildi. Universitetda bugungi kunda ehtimollar nazariyasi va matematik statistika, mexanika, nazariy fizika, tabiiy birikmalar va bioorganik kimyo, g`o`za genetikasi, gidrogeologiya, ijtimoiy va iqtisodiy geografiya, tishunoslik va adabiyotshunoslik singari sohalar bo`yicha qirqdan ortiq ilmiy maktablar faoliyat olib borayotgani, bu maktablarning ilg`or an`analari yosh iste`dodlar tomonidan munosib davom ettirilayotgani buning dalilidir.

Bugun O`zbekiston Milliy universiteti ta`lim tizimini ilg`or ilm-fan yutuqlari asosida takomillashtirish, mamlakatimizdagi barcha universitetlar uchun o`quv, ilmiy-uslubiy, ma`naviy-ma`rifiy masalalar yuzasidan tayanch hamda etakchi oliy ta`lim muassasasi sifatida faoliyat ko`rsatishga erishmoqda. Bu boradagi muvaffaqiyatlarni yangi bosqichga ko`tarish uchun ta`lim tizimiga yangi zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish, o`qitishning sifat va samaradorligini oshirish borasida e`tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.

O`zbekiston Milliy universiteti jahonning ko`plab nufuzli fan va ta`lim markazlari bilan o`zaro teng manfaatli xamkorlikni yo`lga qo`ygan. Bu esa, fanning dunyo miqyosida erishilgan eng sunggi yutuqlarini ta`lim jarayoniga tatbiq etish, o`qitish tizimini zamon talablari darajasida rivojlantirish imkonini bermoqda.

Milliy universitet ana shu yuksak maqomga erishgandan buyon o`tgan yillar davomida o`quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, ma`naviy-ma`rifiy masalalarda e`tirof etilgan tayanch oliy ta`lim muassasasiga aylandi. Universitet 100 yillik yubiley munosabati bilan ishga tushirilgan yangi rasmiy veb sayti ilm dargohi tashkil etilgandan to bugungi kungacha erishgan yutuqlarini tli aks ettirganligi bilan alohida ahamiyatga ega.

Ma`lumki, ta`lim va ilm-fan mamlakatning innovatsion rivojlanish asosi hisoblanadi. Bugungi zamonaviy sharoitda ilm-fanning roli ancha oshdi. Hozirgi globallashuv asrida ta`lim tizimini takomillashtirish ustuvor vazifalardan biridir. Davlatning raqobatbardoshligi fuqarolarining ta`lim darajasiga bog`liq.

Veb-saytda universitetimiz tarixi, unga rahbarlik qilgan rektorlar, maktab yaratgan olimlar, fakultetlar va ularning tarkibi, dekanlar, yirik fan namoyandalari, faxriylar, kafedra mudirlari hamda hozirgi kunda faoliyat ko`rsatayotgan professor-o`qituvchilar, ular yaratgan ilmiy va ilmiy-metodik ishlar kiritilgan. Shuningdek, universitet bo`yicha va har bir fakultetda ta`lim olayotgan talabalar soni, ularning viloyatlar bo`yicha nufuzi, qaysi talabalar turar joylarida yashashi rangli tasvirlar orqali ifodalangan.

Bundan tashqari, veb-saytda universitet joylashgan geografik hudud, uning atrof tabiati va nihoyat, universitetda xizmat qilayotgan madaniy-ma`rifiy, tashkiliy-xo`jalik bo`limlar xodimlarinig faoliyati ham aks etgan. Shu jihatdan ushbu veb-saytni universitet hayotining, yutuqlarining o`ziga hos ko`zgusi, deyish mumkin. Ushbu ko`zguda, ta`bir joiz bo`lsa, muvaffaqiyatlar ham, takomiliga etishi zarur bo`lgan jihatlar ham yaqqol aks etib turibdi. Bu esa, o`z navbatida, bizni fan va ta`lim taraqqiyotida yangi yuksak marralarga chorlaydi.

Avazjon Marahimov,
Mirzo Ulug`bek nomidagi 
O`zbekiston Milliy universiteti rektori, 
texnika fanlari doktori, professor

Asosiy korsatkichlar
1200 -
10500 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
45 Talim yonalishlari