Nobel sovrindori Aziz Sanjar: Amerikaga O`zbekiston bayrog`ini olib ketaman


O`zbekiston milliy universiteti rahbariyatining rasmiy taklifiga binoan Shimoliy Karolina universiteti (AQSh) Biokimyo va biofizika professori, Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar 2018 yilning 15 oktyabr kuni O`zbekistonga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida turkiyalik olim O`zbekiston Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri, O`zMU rektori, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari Aziz Abduhakimovlar bilan uchrashdi.

16-17 oktyabr kunlari Aziz Sanjar O`zbekiston Milliy universitetida chiqish qildi. O`z nutqida olim O`zbekistonni o`z vatani deb hisoblashini ta`kidladi, aniq va tabiiy fanlarga bo`lgan e`tiborni kuchaytirish lozimligini qayd etdi.

Men nafakat turkiyalikman, balki o`zbekistonlik turkman. O`zbekiston mening ham vatanim. Taklif uchun tashakkur. Men qardoshlarimni ko`rishga keldim. Nobel mukofotini men barcha turkiy xalklar uchun oldim. Bu mukofot barcha turkiy xalqlarniki. Ochig`i, bu nufuzli mukofotga sazovor bo`lganimdan keyin meni dunyoning turli nuqtalaridan taklif etishyapti. Vaqt nuqtai nazaridan ko`p takliflarni rad etishimga to`g`ri keladi. Lekin turk qardoshlarimnining, O`zbekistonning, O`zMUning bu taklifini bosh ustiga qabul ettim. Bu mening burchim! Bu erga hech qanday moddiy manfaatlarsiz, sog`inch bilan keldim. Bu mening shu ota Vatan oldidagi qarzim! Eng asosiysi, men bu ota Vatanga shu erdagi yoshlarni ilmga ruhlantirish uchun keldim. Amerikaga o`zim bilan O`zbekiston bayrog`ini olib ketaman. Men o`zbek yoshlarini turkiy davlatlar yoshlari uchun qurgan markazimda, Amerikada kutaman. Men turk dunyosi yoshlari Nobel mukofotlarini shu Vatan tuprog`ida turib olishlarini xohlayman,- dedi Aziz Sanjar.

Tashrifning ikkinchi kuni mamlakatda ilm-fan sohasida olib borilayotgan islohotlarga bag`ishlandi. Aziz Sanjarning faoliyatiga bag`ishlangan konferentsiya doirasida professorga O`zMU Faxriy doktori unvoni taqdim etildi.

Tashrif davomida professor Aziz Sanjar bakalavriat, magistratura, doktoranturada tahsil oluvchilar va tadqiqotchilarga DNKning tiklanishi, saraton va kimyoviy davolash mavzusida onlayn ma`ruza o`tdi.

Shuningdek, olim O`zMUning Tarmoqlararo molekulyar biologiya laboratoriyasining ochilish marosimida ishtirok etdi. Shu yilning 18-21 oktyabr kunlari Aziz Sanjar Urganch, Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlariga tarixiy me`moriy obidalarini ziyorat qilish uchun tashrif buyuradi.

Asosiy korsatkichlar
1200 -
10500 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
45 Talim yonalishlari