O`zMU olimlari Rossiya Fanlar Akademiyasi medaliga sazovor bo`ldi

O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti professori Jo`raqul Sattorov va professor Laziza G`afurova Rossiya Fanlar Akademiyasining K.A.Timiryazev medaliga sazovor bo`ldilar. Qishloq xo`jaligi va ta`lim sohalarini rivojlanishiga katta hissa qo`shgan va fandagi yutuqlari bilan alohida ajralib turadigan olimlarga beriladigan mazkur medalni Rossiya fanlar Akademiyasi vakillari O`zMUga tashrif buyurib, shaxsan topshirdi.

J.Sattorov O`zbekiston agrokimyosi yo`nalishida mineral o`g`itlar samaradorligini ko`tarish bo`yicha bir qator muammolarni echgan olim. U o`g`it qo`llashda birinchi bo`lib qishloq xo`jaligi ekinlari navlari genotipik xususiyatlarini hisobga olish kerakligini ilmiy asoslangan va o`g`it yillik me`yorini aniqlash bo`yicha tavsiya ishlab chiqqan. Olim O`zbekiston cho`l zonasining sug`oriladigan tuproqlarida kuzgi bug`doy etishtirishda o`g`it berish tizimini ishlab chiqdi. Uni Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida sinab ko`rilganda gektaridan olinadigan hosil 11-14 ts/ga gacha oshadi. O`simlik kimyoviy tarkibi va hosil o`rtasida bog`liqlik topilib, tuproqda yuqori hosil shakllantiradigan oziq muhiti yaratish mumkinligi ilmiy asoslandi, tuproq eritmasini ekiladigan qishloq xo`jalik ekinining turi, navni oziqlanishiga moslashtirish usuli ishlab chiqildi.

L.G`afurova Respublikada tuproqshunoslik bo`yicha birinchi tuproqshunos-ayol fan doktori. U nafaqat taniqli olima, tadqiqotchi, pedagog, balki O`zbekiston tuproqshunoslik ilmini, agrar fani yutuqlarini faol ommalashtiruvchisi hamdir. Laziza G`afurovaning asosiy tadqiqotlarida O`zbekistonning turli tuproq iqlim sharoitlarda tuproqlar genezisi, evolyutsiyasi, geografik tarqalishi, klassifikatsiyasi, agroximik, fizik, fizik-ximik, biologik xossalarini o`rgangan xamda tuproq unumdorligini oshirishda yangi ekologik sof resurstejamkor agrobiotexnologiyalar tavsiya etgan hamda fermer, dehqon va tomorqa xo`jaliklarida targ`ibot, tashviqot, ilmiy tavsiyanomalar tatbiq qilish ishlari olib bormoqda. Olima Dokuchaev nomidagi tuproqshunoslar jamiyati Markaziy Kengashi, Xalqaro tuproqshunoslar jamiyati, Xalqaro agrar sohasi olimlari uyushmasi a`zosi hamda Xalqaro Ekologiya akademiyasining haqiqiy a`zosi (akademigi)dir. L.G`afurova Olima ayollar Respublika uyushmasi boshqaruvi a`zosi.

                                                                                                                                                             Inobat Ahatova, O`zA
Manba:uza.uz
Asosiy korsatkichlar
1200 -
10500 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
45 Talim yonalishlari