O`zMU-Sorbon universiteti qo`shma loyihalarni amalga oshiradi

Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti Fransiyaning nufuzli oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirib kelmoqda. O`zbekiston-Fransiya do`stlik jamiyati qator istiqbolli loyihalarni amalga oshirmoqda.
Mazkur do`stlik jamiyat taklifiga binoan joriy yilning 6 mart kuni Fransiya davlatining Yangi Sorbon Parij 3 universiteti delegatsiyasi O`zMUga tashrif buyurdi.



Ikki universitet vakillari davra suhbatida O`zMU O`quv ishlar bo`yicha birinchi prorektori Davlatboy Jumaboev asr tengdoshi bo`lgan universitetimiz ilmiy salohiyati va maktablari, Xorijiy filologiya fakulteti Fransuz tili kafedrasi tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, xususan, frantsuzcha adabiyotlarning o`zbek tiliga va o`zbekcha nodir asarlarning frantsuz tiliga bevosita tarjima qilinayotgani, hamkorlikda o`tkazilayotgan qator anjumanlar yaxshi samara berayotgani haqida so`z yuritdi.
Yangi Sorbon Parij 3 universiteti Qiyosiy adabiyotshunoslik kafedrasi mudiri Aleksandr Stroev, Tarjimonlar va gidlar tayyorlash oliy maktabi direktori Faiza Al Kasem, Til va adabiyot fakulteti direktori Kristel Kavalla o`z so`zlarida O`zMU va Sorbon universiteti o`rtasida xalqaro ilmiy, uslubiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish, chunonchi, Parij universitetining magistrlari pedagogik stajirovkani O`zMUda o`tkazish yuzasidan o`z takliflarini bayon etdi. 



Davra suhbarida O`zMU frantsuz va ingliz yo`nalishida tahsil oladigan magistrlar hamda o`qituvchilar ilmiy stajirovkasini frantsuz universitetida o`tashi, mazkur ilm maskani professorlarining ilmiy tadqiqotlarga rahbarlik va opponentlik qilishi, hamkorlikda darslik, o`quv qo`llanmalari yaratish borasida fikrlashib olindi. Sorbon Dofin universiteti Tarjimonlar va gidlar tayyorlash oliy maktabi bilan hamkorlikda O`zMUda magistratura mutaxassisligini ochish bo`yicha takliflar ko`rib chiqildi. O`zbek adiblari asarlari tarjimalarini frantsuz mutaxassislari tahriridan o`tkazish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur taklif va g`oyalarni amalga oshirish maqsadida ikki universitet vakillari 5 yil muddatga shartnoma tuzishga kelishib oldi.

Rahima SHIRINOVA,
O`zbekiston Milliy universiteti professori,
O`zbekiston-Fransiya do`stlik jamiyati Ijrochi direktori

Asosiy korsatkichlar
1200 -
10500 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
45 Talim yonalishlari