FAQAT ADABIY TILDA SO`ZLASHAMIZ!




Milliy ommaviy axborot vositalari ona tilimizning yuksak minbari hisoblanadi. Demak, o`zbek adabiy tilining qay darajada rivojlanishi hamda uzluksiz davom etishi asosan OAV xodimlariga bog`liqdir. 

Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulteti talabalari ana shu ulkan mas`uliyatni dildan va teran his etgan holda Faqat adabiy tilda so`zlashamiz! aktsiyasini boshladilar. 

Bu aksiya bizning hayotiy shiorimizga ham aylanib qoladi, deydi 2-kurs talabasi Muslima Omonqulova. Men fakultetimizda puxta bilim egallash bilan bir qatorda O`zbekiston-24 kanalida faoliyatimni ham boshlaganman. Adabiy tilda so`zlash ehtiyoji har kuni ko`ndalang turadi. O`zim adabiy tilda so`zlash barobarida ko`rsatuvmizga intervyu berayotganlarga jiddiy e`tibor qarataman. Mabodo, shevadagi ayrim tushunarsiz yo jargon so`zlarni ishlatsa, muloyimlik bilan adabiy tilimizdagi muqobilini tushuntirishga harakat qilaman. Buning uchun o`z ustimda muttasil ishlashimga, izlanishimga to`g`ri kelmoqda. Bu borada O`zbek tilining izohli lug`ati qomusiy kitobi bebaho qo`llanmamdir. 

Darhaqiqat, ona tilimizning haqiqiy jozibasi badiiy va ilmiy-ommabop asarlarda o`z aksini namoyon etadi. 
Qator teleko`rsatuv va radioeshittirishlarda suxandonlar, boshlovchilar hamda ziyolilarning adabiy tilda so`zlayotganlarini tinglab, huzur qilasan, ona tilimizning naqadar purma`no, jozibali ekanligini teran his etsan. 

Sheva xalqning jonli tili. Azaldan ana shu shevalar birlashib, sayqal topib adabiy tilimiz asosini tashkil etgan. Adabiy til umummillatning beqiyos ma`naviy mulki! U millatimiz birligi va yakdilligining o`ziga xos mayog`i hisoblanadi. 
Buyuk ajdodimiz Mir Alisher Navoiy butun turk elini yakqalam qilmoq niyatida adabiy tilimizga asos solgan bo`lsa, ulug` adib Abdulla Qodiriy zamonaviy adabiy tilimizning naqadar jozibadorligini O`tkan kunlar va boshqa asarlarida mahorat bilan ifoda etgan. 

Abdulla Qodiriy, Cho`lpon, Oybek, Abdulla Qahhor, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O`tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzaev kabi ulug` yozuvchi-shoirlar, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Abdug`afur Rasulov, Ibrahim G`afurov kabi adabiyotshunoslarning asarlarini takror-batakror mutolaa qilgan o`quvchilarga adabiy tilda so`zlash xosiyati haqida ortiqcha tushuntirishga hojat ham bo`lmasa kerak. 

Afsuski, sheva so`zlari orasida adabiy til normasiga to`g`ri kelmaydigan, mantiqsiz yoki o`zgacha ma`no kasb etadiganlari ham kam emas. Bu holga beparvo qarasak adabiy tilimiz zavol ko`raveradi. Hozirdanoq ijtimoiy tarmoqlarda almoyi-jalmoyi so`z va iboralar urchib ketmoqda. Bu ayanchli holga be`etibor yuraversak, ertaga radioeshittirishlar, teleko`rsatuvlar, gazetalarda ham shunday xatoliklar, poyintar-soyintar, mantiqsiz so`z-u jumlalar yoyilib ketishi hech gap emas... 

Bir mushohada. Biz o`tgan asrning etmishinchi yillarida maktabga borgan avlod adabiy tilni maktabda o`rganganmiz. O`qituvchilarimiz har bir darsda adabiy tilni so`zma-so`z tushuntirib, shundoq so`zlashga o`rgatishgan. O`zlari hatto ko`cha-ko`yda ham adabiy tilda so`zlashardi. Adabiy tilda so`zlashish eng madaniyatli insonlarga xos fazilat ekan, degan fikr bolalikdan qalbimizga muhrlanib qolgan. Afsuski, so`nggi o`n yilliklar mobaynida qaysiki ta`lim maskanlarida bu nozik masalaga e`tibor susaygan bo`lsa, u erda ulg`ayayotgan o`g`il-qizlarda adabiy tilda so`zlashish va yozish tushunchasi haminqadar bo`lib qolmoqda. Shu tariqa og`zaki poyintar-soyintar so`zlashuvlar cheksiz axborot maydoni hisoblanmish ijtimoiy tarmoqlarda, telegram kanallarida urchib ketayotir. 

Sheva bilan adabiy tilning farqiga bormaydiganlar ko`payib ketayotgani tashvishli hol emasmi? 
Shunday ekan, bo`lg`usi jurnalistlarning bu xayrli aktsiyasi barcha ta`lim muassasalari bo`ylab keng qanot yozsa nur ustiga a`lo nur bo`lur edi. 

To`lqin ESHBEK, 
O`zMU Jurnalistika fakulteti Uch ildiz mahorat maktabi rahbari 

Asosiy korsatkichlar
1200 -
10500 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
45 Talim yonalishlari