OLTIN DАVR OSTONАSIDА!

Poytaxtimizdagi 21-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Milena Novoselova Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti granti sovrindori boʼlib, Oʼzbekiston Milliy universitetining Аmaliy psixologiya yoʼnalishiga imtiyozli ravishda grant asosida talabalikka qabul qilindi.

Bugun 2021-2022 oʼquv yili hisobidagi OʼzMU ning birinchi kursiga birinchi boʼlib qabul qilingan Milena Novoselova Oʼzbekiston Milliy universitetiga taklif etilib, talabalikka qabul qilinganligi toʼgʼrisidagi universitet rektorining buyrugʼi bilan tanishtirildi.

Suhbat jarayonida talabaga oʼzi oʼqishga qabul qilingan Ijtimoiy fanlar fakulьtetining dekani Komiljon Inakov bilan yaqindan tanishtirildi va Talabalar turar joyidan yashashi uchun oʼrin ajratilganligi xaqida Fakulьtet Ishchi guruhining xulosasi oʼqib eshittirishdi.
“Bugun men uchun quvonchli va unutilmas kun boʼldi. Chunki men Oʼzbekiston Milliy universiteti talabasi boʼlishdek baxtga musharraf boʼldim. Universitet  rahbariyati tomonidan men taxsil oladigan universitet kutubxonasi, fakulьtet binosi va oʼquv xonalari, endilikda oʼzim yashaydigan universitetga qarashli Talabalar turar joyi bilan tanishtirildim. Kelgusida Prezidentimiz tomonidan berilgan imtiyoz va meni oʼqishga qabul qilgan Oʼzbekiston Milliy universiteti raxbariyati tomonidan koʼrsatilayotgan gʼamxoʼrliklarni oqlab, yetuk kadr boʼlishga vaʼda beraman” - deydi Milena Novoselova.

OʼzMU Аxborot xizmati