14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi

Yurtimizda Vatan himoyasi kabi sharafli ulugʻvor ishga oʻzini bagʻishlagan harbiylarimiz, nafaqadagi faxriylarimiz katta hurmat va eʼzoz bilan qadrlanib, har yili 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni katta bayram va shodiyona bilan oʻtadi. Bu kabi eʼtibor va eʼtirof masʼuliyatli kasb egalarining Vatan oldidagi xizmatlarini yuqori baholanishini namoyon etib, ularning kelgusidagi faoliyatiga ham kuch-quvvat, shijoat va albatta sadoqat bagʻishlaydi. O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan "Milliy armiyamiz - Yangi O'zbekistonning mustahkam qalqonidir" shiori ostida joylarda turli ma’naviy-ma'rifiy, madaniy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Jumladan, Mirzo Ulug’bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda O'zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirni O’zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov ochib berib, Vatanimiz mard oʻgʻlonlarini kasb bayrami bilan muborakbod etdi. Shuningdek, Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlash, tinchligini saqlash — har bir erkakning Vatani oldidagi muqaddas burchi ekanligini ta’kidladi.
Tadbir davomida bugungi kunda harbiy sohaga qaratilayotgan eʼtibor, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, keng koʻlamdagi imtiyozlar haqida atroflicha toʻxtalib oʻtildi. Tadbirda bir qator ofitserlar, shu o’rinda, universitet profilaktik inspektorlari ham O'zbekiston Milliy universiteti harbiy tayyorgarlik o’quv markazining faxriy yorliq va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.







O‘zMU Axborot xizmati