Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

A.S.I.E. – O‘ZMU: SIFATLI TAʼLIM YO‘LIDAGI BIRDAMLIK

Bugungi kunda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi do‘stona aloqalar rivojlanishida O‘zbekiston Milliy universiteti ham faol ishtirok etmoqda. Fransiyaning 10 dan ortiq universitetlari va ilmiy tadqiqot markazlari bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalari, universitetlar o‘rtasidagi professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvining yo‘lga qo‘yilganligi va “O‘zbekiston-Fransiya” do‘stlik jamiyati tomonida universitet hududida muntazam o‘tkaziladigan madaniy tadbirlar shular jumlasidandir.

Xususan, 2022-yil aprel oyidagi A.S.I.E. (Association de solidarité internationale et d‘éducation - Xalqaro birdamlik va taʼlim tashkiloti) va O‘zMu o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi ikki davlat o‘rtasida kasbiy tajriba almashinuvini ham yo‘lga qo‘yishda muhim qadam bo‘lib xizmat qildi. 2017-yildan buyon mazkur tashkilot ko‘magida 10 dan ortiq fransuz yoshlari O‘zbekiston hududida ekologiya, fan, sanʼat va hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘zlarining tadqiqotlari bo‘yicha tajriba almashishga muyassar bo‘lishdi.

Ayni paytda O‘zbekiston Milliy universitet talabasi Irgasheva Madina A.S.I.E. tashabbusi bilan tashkil etilgan tanlovda g‘olib bo‘lib, Fransiyaning Burj shahrida o‘zining amaliyotini o‘tamoqda. Mazkur amaliyot Agence du Service Civique (Fuqarolik/davlat xizmatlari agentligi) tomonidan moliyalashtirilgan. Amaliyot jarayonida madaniy aloqalarni mustahkamlash va fuqarolar tomonidan ijtimoiy-gumanitar ahamiyatga ega tadbirlarni tashkil etish borasida ko‘nikmalar shakllantiriladi.

Shu bilan birga Fransiyadan O‘zbekiston Milliy universiteti xalqaro aloqalar bo‘limiga amaliyot o‘tash maqsadida kelishi ko‘zda tutilgan navbatdagi tadqiqotchining hujjatlari rasmiylashtirish jarayonida bo‘lib, bunda universitetning reyting ko‘rsatkichlari bilan ishlash hamda tajriba almashish ko‘zda tutilgan.

Xalqaro aloqalar bo'limi