AHOLINI RO‘YXATGA OLISHDA SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLARNI YIG‘ISH TARTIBI qanday

Ma’lumki, ro‘yxatga olish 2023 yil 1-25 noyabr kunlari o‘tkaziladi va ro‘yxatga olishning boshlanishi aniq payti 2023 yil 1 noyabr soat 00.00 daqiqa etib belgilangan. Ro‘yxatga olishni o‘tkazish muddati – 25 kun.
Respondentlarning shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ishda ro‘yxatga olish sanasidan keyin sodir bo‘lgan demografik holatlar hisobga olinmaydi. 2023 yil 1 noyabrdan keyin tug‘ilgan bolalar uchun ro‘yxatga olish varag‘i shakllari va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlari to‘ldirilmaydi, lekin ushbu sanadan keyin vafot etgan shaxslar uchun to‘ldiriladi. Bunda vafot etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar uning voyaga yetgan,
muomala layoqatiga ega oila a’zolari yoki mahalla idorasidagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi.
Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish quyidagi usullarda amalga oshiriladi:
- Respondentlar yashaydigan (vaqtincha bo‘lib turgan) turar va noturar joylarga, binolarga tashrif buyurgan holda uyma-uy yurib, so‘rov o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Ro‘yxatga olish varag‘i shakllari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi;
- Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish davrida yashash (turgan) joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar (respondentlar) to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar mazkur uy xo‘jaligining voyaga yetgan a’zolari tomonidan ma’lum qilinadi. O‘ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan ma’lum qilinadi;
- Yashab turgan xonadonida (joyida) ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar uchun ro‘yxatga olish so‘rovnomalarini to‘ldirish mahalliy hokimiyatlar tomonidan ajratilgan bino yoki xonalarda joylashgan statsionar uchastkalarda amalga oshiriladi;
- Respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi;
- Gapirishi va eshitishida nuqsoni bo‘lgan fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ish tegishli hudud bo‘yicha nogironlik jamiyatlarining xodimlari yoki ushbu shaxslar bilan muomala qilish imkoniyati mavjud bo‘lgan shaxslar ko‘magida amalga oshiriladi;
- Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish axborot xavfsizligini ta’minlash talablarini hisobga olgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali ham amalga oshiriladi.
Toshkent shahar statistika boshqarmasi