Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

“Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning roli” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi

Bugun Yoshlar Ittifoqi madaniyat saroyi katta zalida Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti hamda O`zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi bilan hamkorlikda “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning roli” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o`tkazildi. Unda respublikamizda faoliyat yuritayotgan o`zbek olima ayollari bilan bir qatorda xorijiy olima ayollar ham ishtirok etdi. O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov mamlakatimiz taraqqiyotiga  o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan olima ayollarimizga ilmiy-ijodiy yutuqlariga va konferensiya ishiga muvaffaqiyatlar tilab, o`z nutqida Yangi O‘zbyekistonni barpo etish jarayonida xotin-qizlarning faolligini oshirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotganini ta’kidlab o`tdi.

 — “Yurtboshimiz taʼkidlaganlaridek, “Ayoli eʼzozlangan yurt qudratli bo‘lur”. Bizning yurtimiz ayollari hamisha eʼtibor va eʼzozdadirlar. XXI globallashuv asrida ilmli insonlar har bir davlatning intellektual mulki, resursi hisoblanadi. Ilmli ayol - millat tarbiyachisi, olima ayol ilm-fanda, oilada, hayotda, jamiyatda yetakchi, peshqadam inson. Universitetimiz olima ayollari ham ilm-fanning barcha tarmoqlarida o‘z iqtidor va imkoniyatlarini namoyon qilmoqdalar. Ularning respublikada amalga oshirilayotgan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi loyihalarda faol ishtirok etayotganligi ham eʼtiborga molik. Universitet olima ayollari tomonidan bajarilayotgan ilmiy tadqiqotlar, ijtimoiy-maʼrifiy va madaniy sohalarning rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. Umuman barcha olima ayollarimizning safi kengayib borayotgani, ularning zamonaviy dasturiy ishlanmalari, innovatsion g‘oyalari, ixtirochilik va faoliyati taʼlim va ilm-fan sohasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shayotgani mamlakatimizda xotin-qizlarga berilayotgan yuksak eʼtibor, yaratilgan shart-sharoit hamda keng imkoniyatlar samarasidir”, deydi O`zMU rektori, professor Inom Madjidov.

Konferensiya yalpi majlisida O`zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi raisi, professor Rahbar Murtazayevaning “O`zbekiston ilm-fanida ayollar”, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Immunologiya va inson genomikasi instituti direktori, akademik T.Aripovaning “Иммунология — основа медицины XXI века”, Meksika avtonom milliy universiteti professori Virna Velazquez Vilchisning “Language and gender in Spanish”, Rivojlanayotgan davlatlar olima ayollarning jahon tashkiloti OWSD ning Markaziy Osiyodagi rahbari, professor D.Egamberdiyevaning “OWSD the central Asia National Chapter: Activities and perspectives” mavzularda ma’ruzalari tinglandi. Anjuman davomida respublikamizda faol mehnat qilib, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan bir guruh olima ayollarimiz faxriy yorliq va estalik sovg`alar bilan taqdirlandi.

Mazkur ilmiy-amaliy konferensiya 4 sho`ba asosida olib boriladi va 25-noyabr kuniga qadar davom etadi. 

O`zMU Axborot xizmati