Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

“Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning roli” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya

2022-yil 23-noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Birlashgan Millatlar tashkiloti Barqaror rivojlanish maqsadlari ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning roli” mavzusida ilmiy amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Urishevich Madjidov o‘zining kirish nutqida, konferensiya ishtirokchilarini qutladi va yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida xotin-qizlarning o‘rni, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, salomatligini muhofaza qilish, intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib mehnat va turmush  sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tdi.

Mazkur ilmiy-amaliy konferensiyada respublikada faoliyat yuritayotgan yirik olima ayollar bilan bir qatorda, xorijlik olima ayollar, jumladan, Turkiyaning Mehmet Akif Ersoy universiteti professori Dilek Erduran Avji, Marmara universiteti ijtimoiy fakultet dekani Sebaxat Deniz, Isroil Xolon texnologiya institutining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Toni Levi, Immanuil Kant nomidagi Baltika federal universiteti xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori O.Kim,  Rossiya Federatsiyasi Qozon federal universiteti hududiy rivojlanish va boshqaruv instituti direktori, professor N.Bagautdinova, M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti rektori, professor D.Kojamjarova, “Ozarbayjon-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati ijrochi direktori, Boku davlat universiteti professori Z.Kadыrova, Strasburg universiteti tadqiqotchisi Klotild Brogniart hamda Meksika avtonom milliy universiteti professori Virna Velazkez Vilchis o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqdalar.

Ma’lumki, XXI globallashuv asriga kelib ilmli inson davlat intelektual resursi bo‘lib hisoblanmoqda. Zero, bunda ilmli ayol millatga xos eng ijobiy fazilatlarni o‘zida jam etib, ijtimoiy hayotning har bir jabhasida  peshqadam shaxs sifatida maydonga chiqishi davr talabiga aylanmoqda.

O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan ilmiy xodimlarning soni 10 mingdan oshgan, ularning 60 foizi ayollar bo‘lib,  filologiya, pedagogika, psixologiya, san’at, madaniyat sohalarida ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradilar. O‘zbekiston hukumatining qarorlari mamlakatimizda fundamental  va amaliy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish hamda istiqboldagi innovatsion ishlanmalar uchun  keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha  mustahkam poydevor qurishga  qaratilgan. Olimalar ushbu imkoniyatlardan foydalangan holda tabiiy, aniq, fundamental va amaliy fanlar bo‘yicha tadqiqotlar olib borishga  o‘z e’tiborlarini yanada kuchaytirishi maqsadga muvofiqdir.

Konferensiya kunning ikkinchi yarmida sho‘balarga bo‘lingan holda o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Xalqaro aloqalar bo'limi