Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

“Barqaror Rivojlanish Maqsadlarining universitetlarda amalga oshirilishi” mavzusida davra suhbati

Bugun O‘zbekiston Milliy universiteti tashabbusi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda Fransiyaning A.S.I.E. (Xalqaro Birdamlik va Taʼlim Jamiyati) tashkiloti hamkorligida “Barqaror Rivojlanish Maqsadlarining universitetlarda amalga oshirilishi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirni O‘zbekiston Milliy universiteti (Xalqaro aloqalar bo‘limi)ga A.S.I.E. tashkilotidan tashrif buyurgan fuqarolik xizmati bo‘yicha stajer, Puatye universiteti talabasi Eliz Boesh-Meda (Elise Boech-Meda) olib bordi.

Tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari faol ishtirok etishdi.

Davra suhbati 2015-yilning sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining sammiti ishtirokchilari tomonidan qabul qilgan Barqaror Rivojlanish Maqsadlari haqida to‘xtalib o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz: Barqaror Rivojlanish Maqsadlari yoki Global Maqsadlar bir-biriga bog‘langan 17 ta maqsadlar to‘plami bo‘lib, “hozirgi va kelajakda odamlar va sayyoramiz uchun tinchlik va farovonlik uchun umumiy reja” bo‘lib xizmat qiladi.

Barqaror rivojlanish maqsadlari quyidagilar:

1. Qashshoqlikning barcha shakllariga barham berish.

2. Ochlikni tugatish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va oziqlanishni yaxshilash hamda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish.

3. Sog‘lom turmush tarzini taʼminlash va barcha yoshdagi kishilarning farovonligiga ko‘maklashish.

4. Barchani qamrab oluvchi, teng huquqli hamda sifatli taʼlimni taʼminlash va barcha uchun uzluksiz taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish..

5. Gender tengligini taʼminlash, barcha ayol va qiz bolalarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish.

6. Barcha uchun xavfsiz suv zaxiralari va sanitariya vositalaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlash.

7. Barcha uchun energiyaning arzon, ishonchli, barqaror va zamonaviy manbalaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlash.

8. Keng qamrovli va barqaror iqtisodiy o‘sish hamda barcha uchun bandlik va munosib mehnat qilish imkoniyatlarini taʼminlashga ko‘maklashish.

9. Mustahkam infratuzilma yaratish, keng sanoatlashgan va innovatsiyalar bilan boyitilgan tizim joriy etilishiga ko‘maklashish.

10. Mamlakatlararo va ichki tengsizlik darajasini qisqartirish.

11. Shahar va aholi yashash joylarining ochiqligi, xavfsizligi, mustahkamligi va ekologik barqarorligini taʼminlash.

12. Oqilona isteʼmol qilish va ishlab chiqarish modellariga o‘tishni taʼminlash.

13. Iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish.

14. Barqaror taraqqiyot yo‘lida okeanlar, dengizlar va dengiz zaxiralarini asrash va ulardan oqilona foydalanish.

15. O‘rmonlardan oqilona foydalanish, cho‘llashishga qarshi kurashish, yer tanazzuli holatlariga chek qo‘yish va yer unumdorligini qayta tiklash hamda biologik xilma-xillikning yo‘qolib ketish xavfini bartaraf etish.

16. Barqaror rivojlanish manfaatlari yo‘lida tinchliksevar va ochiq jamiyatlar qurilishiga ko‘maklashish, barcha uchun odil sudlov imkoniyatidan foydalanishni taʼminlash va barcha darajalarda samarali, hisobdor va keng ishtirokka asoslangan muassasalarni tashkil etish.

17. Barqaror rivojlanish manfaatlari yo‘lida global hamkorlikni faollashtirish.

Tadbir so‘ngida talabalar o‘zlari qiziqtirgan savollarga javob oldilar va Barqaror Rivojlanish Maqsadlari strategiyasini amalga oshirishda masʼuliyatli yondashgan holda taʼlim sifati, atrof-muhit haqida g‘amxo‘rlik, farovon jamiyati va barqaror iqtisodiyot bo‘yicha o‘z hissalarini qanday qo‘shishlari mumkinligi to‘g‘risida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Xalqaro aloqalar bo'limi