«Bilimdon talaba» online olimpiadasi gʻoliblari tantanali ravishda taqdirlandi

17-noyabr - Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan Yoshlar ishlari agentligi talaba-yoshlar o'rtasida "Bilimdon talaba" online olimpiadasiga start bergan edi. Loyihaning online mavsumi yakunlangach, bugungacha olimpiadaning barcha turlarida qatnashib, eng yuqori natija to'plab, TOP-100 talikka kirgan ishtirokchilar uchun bugun final bosqichi Toshkent shahrida bo'lib o'tdi. Olimpiadada O'zMU Matematika fakulteti talabalari ham faol ishtirok etdi. Eng quvonarlisi yakunda O'zMU Matematika fakulteti 3-kurs talabalari Mahmudov Farrux, Quvvatov Fathulloh, Odilov Azimjonlar eng yuqori ball to'plagan 50 nafar talabalar sirasiga kirib, 1 mln so'm hamda olimpiadaning 1-o'rin sohibi bo'lgan fakultetning 4-bosqich talabasi To'rayev Jahongir mutloq g'olib bo'lib, 101 000 000 so'm pul mukofoti bilan taqdirlandi. Talabalarimizni ushbu yutuqlar bilan muborakbod etamiz va kelgusi o'qish va ishlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Ma’lumot uchun, Jahongir Toʻrayev 2002-yil, 26-yanvarda Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahrida tugʻilgan. U bugungacha oʻndan ziyod xalqaro matematika olimpiadalari sovrindori, akademik T. A. Sarimsoqov nomidagi, akademik T.Qori-Niyoziy nomidagi stipendiyalar sovrindori hamda “Asakabank” AJ tomonidan tashkil etilgan “Yosh Matematik” stipendiyasi gʻolibi boʻlgan.


O`zMU Axborot xizmati