Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

“BO’SH ISH O’RINLARI” MEHNAT YARMARKASI tashkil etildi

Bugun Universitet hududiga yondosh hududda “BO’SH ISH O’RINLARI” MEHNAT YARMARKASI bo’lib o’tdi. Ushbu tadbir Toshkent shahar Bandlik Bosh boshqarmasi, Toshkent shahridagi barcha tumanlar Aholini bandligiga ko’maklashish markazlari, Mirzo Ulug’bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti hamda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida tashkil etildi. Tadbirni o‘tkazishdan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022-yil 4-martda o‘tkazilgan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari bandligini taʼminlash orqali ularning turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash hamda universitet talabalariga darsdan bo‘sh vaqtlarida ish bilan bandligini taʼminlashga ko‘maklashishdan iborat.


So‘nggi yillarda mamlakatimizda aynan taʼlim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, mamlakat kelajagi, barcha sohalar va loyihalar muvaffaqiyati bilimli zamonaviy fikrlaydigan, o‘z sohasining ustalari bo‘lgan kadrlarga bog‘liq. Tadbirda oʻzining boʻsh vakantlari bilan ishtirok etgan 300 ga yaqin ish beruvchi korxona, yirik tadbirkorlik subyektlari va tashkilotlar tomonidan o‘n mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. O‘z navbatida ushbu ish beruvchi tashkilot, muassasa, korxonalar va yirik tadbirkorlik subyektlari vakillari o‘zlarining tashkiloti haqida ko‘rgazmali hamda tarqatma materiallarini ish izlayotgan talabalarga havola etdi.
Bugungi tadbirda Oʻzbekiston Milliy universitetida tahsil olayotgan ishga joylashishga ehtiyoji mavjud jami 5000 dan ortiq talaba ishtirok etdi.

OʻzMU Axborot xizmati