Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

Chempionlarni tabriklaymiz!

Bugun barcha o‘zbekistonliklar uchun juda quvonchli kun bo‘ldi. Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44 – Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoamiz chempionlikni qo‘lga kiritdi. Quvonchimiz cheksiz. Allomalari dunyoga tanilgan bu yurt dovrug‘i yana ovoza bo‘ldi. O‘zMU jamoasi uchun bu yutuq - qo‘shaloq bayram. Chunki O‘zMU tarbiyalayotgan talabalari Nodirbek Yakubboyev va Nilufar Yakubboyevalar yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdi. Chempionlarimizning bu marralarni zabt etishlarida ota - onalari, ustoz - murabbiylarining mehnatlari beqiyos. Bu talabalarimiz tengdoshlariga, kursdoshlariga o‘rnak bo‘ladilar. Universitetimizda tahsil olayotgan barcha talabalarimizga ham qo‘limizdan kelganicha ilm olish va yutuqlarga erishishlarida bor imkoniyatlarni yaratib beramiz. Bunga bizda asos bor. Tajribali ustozlar yoshlarga saboq bermoqdalar, ularning ilmiy va mahorat maktablari faoliyat ko‘rsatib turibdi.
Hozirgina muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxmat bo‘yicha chempionlarimizga yo'llagan tabriklarida: “Sizlar kabi azmu shijoatli, vatanparvar yoshlar eng katta boyligimiz, millatimizning “oltin fondi”, desam, o‘ylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan bo‘laman” - deya bejizga ta’kidlamadilar.
Joriy yilda matematika bo‘yicha bo‘lib o‘tgan xalqaro olimpiadada oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritgan yosh matematiklarimizni, taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionlari bo‘lgan talabalarimizni faxr bilan eʼtirof etamiz. Ularning bu yutuqlarida ustozlarining o‘rni beqiyos. O‘zMU ilmda, izlanishda, yangiliklar yaratishda almamater bo‘lib kelgan. Bundan keyin ham yoshlarimiz yurt bayrog‘ini sharaf bilan baland ko‘taradilar.
Yana bir xushxabar keldi.
29-Xalqaro Matematika musobaqasi (IMC) umumiy natijalarini eʼlon qildi. Unda ham O‘zMU talabalari oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritishgani eʼtirof etilgan. Yoshlarimizni jahon arenalaridagi bunday ketma-ket qo‘lga kiritayotgan yutuqlari so‘nggi yillarda yoshlarga berilayotgan eʼtibor va imkoniyatlarning mevasidir. Talaba-yoshlarimizning bu ulkan g‘alabalari Vatanimiz mustaqilligining 31 yillik shonli bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasini shogirdlarning yuksak marralar bilan tabriklaymiz.

O‘zbekiston Milliy universiteti rektori prof. Inom Madjidov