Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

DEMOKRATIK ISLOHOTLAR – DAVR TALABI!!!

Bugungi kunda mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizgʻin pallaga kirdi.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatishimizcha juda koʻplab fuqarolarimiz, ziyolilarimiz tomonidan berilayotgan takliflarning aksariyati mazmun mohiyatiga koʻra “ Inson-jamiyat-davlat” ,” Yangi Oʻzbekiston- ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini toʻla taʻminlashga qaratilgan.
Qonun loyihasida shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jumladan parlament vakolatlarini kengaytirish, Prezidentlik institutini takomillashtirish, joylardagi vakillik va ijro hokimiyati organlarini ajratish, Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jihatdan rivojlantirishning konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamlash masalalarini ham oʻz ichiga olganligini koʻrishimiz mumkin.
Darxaqiqat, jamiyatda yoshlarning rolini benihoya ortishi ham ijtimoiy ham siyosiy sohalarda faol qatnashishi yangi islohotlarga zamin yaratib kelmoqda. Hozirgi kunda eskicha fikrlash yaʼni milliy mentalitet qobigʻida aylanishni zamonamiz qabul qila olmaydi. Ayni shu vaqtda jamiyatimizda demokrati islohotlar oʻtkazishni davr taqozo qilmoqda. Shu maʼnoda Yangi Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar oʻtkazish zarurati ham tugʻilmoqda.
Konstitutsiyamiz xorijiy ilgʻor tajriba hamda xalqaro standart va talablarga har tomonlama mos, mustahkam huquqiy poydevori boʻlib kelsada, zamona talablari oʻzgarmoqda, yangi taftish, yangicha islohotlarni, yangicha qoidalarni talab etmoqda. Binobarin, 4-5 yil avvalgi hayot tarzimiz bilan hozir yashash turmushimiz mutlaqo oʻzgardi.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish mavzusiga bagʻishlangan yigʻilishda Yurtboshimiz “Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim. “Inson qadri uchun” gʻoyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili boʻlgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur”- degan gʻoyani yana ilgari surdilar. Shuningdek, yangilanayotgan Konstitutsiyada toʻrtta asosiy ustuvor yoʻnalishni belgilab berdilar. Jumladan birinchi yoʻnalish inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi etib belgilandi. Ikkinchi yoʻnalish esa Asosiy qonunimizda “Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan gʻoyani mustahkamlash deya qayd etildi. Chunki “inson qadri” tushunchasi “ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bogʻliq. Uchinchi yoʻnalish erkin va adolatli fuqarolik jamiyati rivojlanishi bilan bogʻliq masala boʻlsa, toʻrtinchi yoʻnalish sifatida Oʻzbekistonda insonparvar, demokratik huquqiy davlat qurish masalasi sifatida belgilandi.
Bundan tashqari, Prezidentimiz uchrashuv davomida “Miranda qoidasi”ni Konstitutsiyaga kiritish, Bosh Qomusimizga “Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos boʻlishi mumkin emas”, deb qatʼiy yozib qoʻyish, “Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan gʻoyani mustahkamlash, davlat iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qatʼi nazar, doimo qoʻllab-quvvatlashini mustaqil qoida sifatida belgilash kabi bir qator muhim takliflarni oʻrtaga tashladi.
Ayni paytda “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan oʻtmoqda. Qonun loyihasiga koʻra, Asosiy qonunimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartish kiritish nazarda tutilmoqda. Bu taklif va oʻzgartishlarning aksariyati kundalik hayotimiz, mamlakatimizning kelajagi bilan bogʻliq barcha dolzarb jihatlarni qamrab olgan.


Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida turli yosh, turli kasbga mansub barcha yurtdoshlarimizning faol ishtirok etayotgani, koʻplab asosli takliflarni bildirayotgani, odamlarimiz yangicha fikrlash, yashash va ishlashga oʻtganini, “Inson qadri uchun” shiori zamirida mujassamlashgan tushuncha va mezonlar koʻpchilikning dilidan joy olganini yaqqol namoyon qilmoqda. Konstitutsiyamizga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar inson qadrini ulugʻlash gʻoyasiga xizmat qilishi, xalqimiz farovonligini oshirish va mamlakatimizning barqaror taraqqiyotiga zamin yaratadi.
Ammo guruch kurmaksiz boʻlmaydi deganlaridek, yaxshi amallarni, demokratik islohotlarni koʻrolmaydigan ichi qora, niyati buzuq kuchlar ham oʻzini namoyon qilish, vayronkor va buzgʻunchi gʻoyalarini musaffo osmonga sochib, atrofni bulgʻashga urinmoqda. Lekin bularni bar besamar. Osmonni bulut bir muddatga qoplashi mumkin, ammo quyosh nuri va yorugʻligiga aslo rahna sololmaydi. Bu oliy qonuniyat.
Xalqimizda “Bir kun urush boʻlgan joydan qirq kun baraka ketadi”, - degan naql bor. Boisi, qut-baraka arigan yerda xotirjamlik, ertangi kunga umid ham soʻnadi. Ayrim gʻalamislar esa asl muddaolariga yetib, oʻz ogʻa-inisiga musht tushirgan millat ustidan kulib ketaveradi. Yurtimiz koʻp millatli mamlakat. Bir yuz oʻttizdan ortiq millat va elatlar istiqomat qiladigan vatanimizdagi xalqlarning doʻstona hayoti, birodarchilik tutimlar asosidagi turmush tarzi havas qilarlidir. Qoʻni-qoʻshni boʻlib yashayotgan, milliy bayramlarida bir-birini qutlayotgan yurtdoshlarimizni koʻrib, hayotdagi eng katta boylik tinchlik ekanligini chuqur his etasiz. Tinchlik shunday bir neʼmatki, u bor joyda rivojlanish, taraqqiyot boʻladi. Yegan osh-noning totli, oʻtayotgan vaqting zavqli boʻladi. U bor ekan halovat bor.
Ammo tinchlikka rahna soluvchi, jamiyatni izdan chiqarishga urinuvchi kuchlar doim boʻlib kelgan. Ayni kunlarda Qoraqalpogʻistonda sodir boʻlgan voqealar bunga bir misol. Yurtimizda kechayotgan siyosiy jarayondan foydalanib, baʼzi bir gʻalamis niyatli kuchlar notoʻgʻri, yolgʻon axborotlar bilan tinch aholidan foydalanishga harakat qilganining guvohi boʻldik.
Qoraqalpoq eli zaminimizning ajralmas bir boʻlagi. Uning dardu-tashvishlari bizning dardimiz, orzularimiz esa mushtarak. Buni davlatimiz rahbari ham koʻp bor taʼkidlaganlar. Prezidentimiz Nukus shahrida Joʻqorgʻi Kenges deputatlari, Qoraqalpogʻiston faxriylari va faollari bilan uchrashuvda Konstitutsiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpogʻiston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni oʻrgangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda oʻzgarishsiz qoldirish zarurligini aytdi. Fuqarolarimizning xohish-irodasi, taklif va fikrlaridan kelib chiqqan holda, ushbu loyiha oʻzgarishini va takomiliga yetkazilishini taʼkidladi.
Darhaqiqat, Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgarishlar xalq bilan bamaslahat holda amalga oshirilmoqda. Aholi xabardorligini oshirish va ularning taklif-fikrlarini oʻrganish maqsadida joylarda uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari yordamida takliflar olinmoqda. Har bir fuqaroning ushbu islohotlarga daxldorligini va xabardorligini oshirish maqsadida hatto uyali aloqa vositalari orqali bir necha marotaba xabarlar yuborildi. Nazarimizda, bu xalq fikrini bilishning zamonaviy va samarali usullaridan biri.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi eʼlon qilingan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan oʻtkaziladi. Shundan soʻng, fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida Qonunchilik palatasi tomonidan takomiliga yetkaziladi. Keyin esa mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga qoʻyilib, fuqarolarimiz erkin ovoz berish orqali oʻzlarining bu masala boʻyicha xohish-irodasini ifoda etadi.Shundan keyingina Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar qonuniy tusga kiradi. Qarabsizki, yangi Konstitutsiyada xalqimiz xohish-istaklari ifoda etiladi. Ayni paytda esa har birimizdan ogʻir-bosiqlik, turli xil igʻvolarga uchmasdan, uzoqni, farzandlarimiz kelajagini, yurtimiz ertasini oʻylagan holda ish tutish talab etiladi.
Oʻylaymanki, qoraqalpoq birodarlarimiz buni juda yaxshi anglab turibdi va ular bilan maqsadimiz, yoʻlimiz, manzilimiz bir. Shu nuqtai nazardan, oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari oʻrtasidagi qardoshlik, oʻzaro hurmat va mehr-oqibat, ogʻizbirchiligimizni asrab-avaylash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik muhitini saqlash barchamizning burchimizdir. Zotan, Yangi Oʻzbekiston, Yangi Qoraqalpogʻistonni hammamiz birgalikda quramiz.

Jabbor MUHAMMADIYEV,
Oʻzbekiston Milliy universiteti
birinchi prorektori, professor.