Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

«Ekologik madaniyatni shakllantirish: institutsional asoslar va tashkiliy masalalar» mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiya o'tkazildi

Joriy yilning 15-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti hamkorligida “Ekologik madaniyatni shakllantirish: institutsional asoslar va tashkiliy masalalar" mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi va vazifasi mamlakatimizda ushbu sohani huquqiy tartibga solish bilan bogʻliq mavjud muammolarni tahlil qilish, aholining ekologik madaniyatini shakllantirish hamda yuksaltirishda samarali usul, vositalarni aniqlash, muhokama qilish va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Konferensiyada maʼruzachilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari, ekologiya madaniyatni shakllantirish va uning darajasini yuksaltirish oilada bogʻliq xalqaro va ilgʻor xorijiy tajribalar oʻrganilganda, mamlakatimizda ekologik madaniyat sohasidagi huquqiy munosabatlar toʻlaqonli tartibga solinmaganligi taʼkidlandi.

Yetakchi ekolog-ekspertlar, olimlar, professor-oʻqituvchilar, vazirlik, idora va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan oilada, maktabgacha
ta’lim muassasalarida, maktab va oliy oʻquv yurtlarida ekologik madaniyatni shakllantirishning huquqiy asoslari, soha mutaxassislarini kasbiy tayyorlash, aholini ekologik tarbiyalashda davlat, jamoat, yoshlar tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining oʻzaro xamkorligi va roli bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.
Konferensiya ishtirokchilari soʻnggi yillarda ushbu yoʻnalishda amalga
oshirilgan ishlarga karamay, tabiiy resurslardan foydalanish bilan bogʻlik
boʻlgan munosabatda qator kamchiliklar saqlanib qolayotganini aytib oʻtdilar. Xususan, suv manbalari va atmosfera havosining ifloslanishi, chiqindilarni boshqarish, daraxtlarni noqonuniy kesish, hayvonlarga gʻayriinsoniy muomalada boʻlish, bolalar va yoshlarning ekologik madaniyati shakllanishiga kompleks yondashuvning yoʻqligi, qonunlar va xulq-atvor qoidalarini hurmat qilish, ekologik huquqbuzarliklarga murosasizlik shular jumlasidan.
Shundan kelib chiqqan holda, tadbirda yigʻilganlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi tomonidan tegishli soha mutaxassislari bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan "Ekologik madaniyat toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi yuqorida keltirilgan masalalarni hal etish yoʻlidagi muhim qadam boʻlishi qayd etilib, qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan bir qator taklif va mulohazalar bildirildi.
Tadbir soʻnggida tezislar toʻplami chop etilib, konferensiya yakunlari boʻyicha tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

OʻzMU Axborot xizmati