FRANSISK SKORINI NOMIDAGI GOMEL DAVLAT UNIVERSITETI DELEGATSIYASI O‘ZMUGA TAShRIF BUYURDI.

Bugun, Fransisk Skorini nomidagi Gomel davlat universiteti delegatsiyasi O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi. Uchrashuvda O‘zMU xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova, fizika fakulteti dekani G‘ofur Eshonqulov va xalqaro bo‘lim xodimlari, shuningdek Gomel davlat universiteti tomonidan Fizika va informatsion texnologiyalar fakulteti dekani Kovalenko Dmitriy, Fizika fakulteti Optika kafedrasi mudiri Gayshun Vladimir va Radiofizika va elektronika kafedrasi dotsenti Semchenko Alina ishtirok etdilar.
Ma’lumot uchun, Gomel davlat universiteti va O‘zMUning fizika fakulteti o‘rtasida hamkorlikdagi “Fotovoltaikada qo‘llanilish uchun shaffof o‘tkazuvchan metall oksidlardagi nanostrukturlangan grafenli plyonkalarni shakllantirish va ulardagi zaryad tashuvchilarining ko‘chish jarayonlari mexanizmlari” nomli ilmiy loyiha olib borilmoqda.
Ushbu loyihaning maqsadi: shaffof o‘tkazuvchan oksidlar (ShO‘O) asosida nanostrukturalangan yupqa plyonkalarning zol-gel va sprey-piroliz usullari yordamida sintez qilish, ushbu plyonkalarda ularning asosida geteroo‘tishlarda elektr o‘tkazuvchanlik mexanizmlarini o‘rganish, quyosh elementlari va fotodetektorlar uchun mo‘ljallangan struktura, elektrofizik va optik xususiyatlarga ega funksional qatlamlarni yaratishning fizik-kimyoviy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
Loyiha raxbarlari: Fransisk Skorina nomidagi Gomel davlat universiteti rektori – f.m.f.d. Xaxomov Sergey Anatolevich, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Nanotexnologiya rivojlantirish markazi laboratoriya mudiri – f.m.f.d. Yuldashev Shavkat Uzgenovich.
Uchrashuv doirasida, hamkorlikda ilmiy tadqiqotchilarni tayyorlash, ilmiy maqolalar chop etish, magistratura mutaxassisliklari talabalariga rahbarlik qilish va professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yiish bo‘yicha kelishib olindi.



Xalqaro aloqalar bo'limi