Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

Geografiya va tabiiy resurslar fakulteti Geodeziya va geoinformatika kafedrasi Geodeziya, kartografiya va kadastr yo‘nalishi talabalari uchun “Geodeziya” fani doirasida tashkil etiladigan Geodezik o‘quv-dala amaliyotida

Insoniyatning asosiy xo‘jalik faoliyati azaldan yer usti va uning foydali qazilmalaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lib kelgan. Bu masalani izchil va maqsadga muvofiq hal etish yer shaklini o‘rganish va uning sirtida o‘lchashlarni bajarish bilan amalga oshiriladi. Bu Geodeziya fani orqali ta’minlanadi.

Geodeziya fanining maqsadi talabalarga yer sirtida bajariladigan geodezik o‘lchashlar turlari, o‘lchash asboblari va ular bilan ishlashga oid nazariy va amaliy bilimlarni o‘rgatish, yer bo‘laklarini plan, karta va profillarini tuzish, zamonaviy geodezik asboblar va texnologiyalardan foydalanish, turli injenerlik-geodezik masalalarni yechish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishini ta’minlashdir.

Geodeziya fanining vazifasi – yer sirtida bajariladigan geodezik o‘lchashlar turlari va o‘lchash asboblari tuzilishini, o‘lchashlarni bajarish, o‘lchash natijalarini ishlab chiqish va plan, karta hamda profillarni tuzishni, davlat III va IV sinf nivelir tarmoqlarini, zichlash triangulyasiya va poligonometriya tarmoqlarini qurishda bajariladigan o‘lchashlar va ular natijalarini ishlab chiqishni o‘rgatishdir.

Geodezik o‘quv-dala amaliyoti “Geodeziya, kartografiya va kadastr” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashning muhim qismi hisoblanadi va talabalar uchun ahamiyati benihoya kattadir. Bunday dala amaliyoti maxsus jihozlangan Chorvoq amaliyot poligonida o‘tkaziladi.

Amaliyot talabalarga universitetda olgan nazariy bilimlarini kengaytirish, chuqurlashtirish va mustahkamlashni ta’minlaydi, shuningdek, geodezik ishlarni mustaqil bajarish, natijalarni ishlab chiqish, dala ishlari kun tartibiga amal qilish va mehnat intizomiga rioya qilishni o‘rgatadi. Bunda talabalar geodezik asboblar bilan to‘g‘ri muomala qilish, geodezik o‘lchashlarni mustaqil bajarish, o‘lchashlarda zaruriy aniqlikni ta’minlagan holda ishlarni bosqichma-bosqich bajarish ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar.

Geodezik ishlarni olib borishda eng muhim vazifa dastlab tayanch tarmoqni qurish hisoblanadi. Tayanch geodezik tarmoq yer sirti nuqtalarining (geodezik punktlarining) maxsus belgilangan (mahkamlangan) majmui bo‘lib, ularning o‘rni umumiy koordinatalar va balandliklar sistemada aniqlangan bo‘ladi. Odatda bunday tayanch tarmoqlar muayyan davlatning butun hududi uchun bir xil zichlikda joylashtirilib, koordinatalari yuqori aniqlik bilan bitta sistemada aniqlanadi. Bunday tarmoqning vazifasi davlatning butun hududini kartalashtirishni, ilmiy va amaliy maqsadlardagi ishlarini ta’minlashdan iborat.

Geodezik tarmoqlarni qurish prinsipi umumiydan xususiyga o‘tish, ya’ni avval katta hududdagi juda yuqori aniqlikdagi ishlardan kichik maydonlardagi aniqligi past ishlarga o‘tishga asoslanadi. Shunga ko‘ra geodezik tarmoqlar davlat, zichlash va s’yomka geodezik tarmoqlariga bo‘linadi.

Geodeziya, kartografiya va kadastr ta’lim yo‘nalishi o‘quv rejasiga asosan o‘tkazilayotgan dala amaliyotida talabalar zichlash geodezik tarmog‘ini (2-razryadli triangulyasiya) joyda qurib unda bazis tomon uzunligini (Trimble M3 DR elektron taxeometri bilan), har bir punkt gorizontal va vertikal burchaklarni (2T5, 2T5K teodolitlari bilan) o‘lchadilar. O‘lchashlarni matematik ishlab chiqib tarmoq punktlarining koordinatalari va balandliklarini hisoblab topdilar. Planli punktlarni to‘g‘ri va teskari geodezik kestirmalar usullarida zichlashtirish maqsadida teodolit bilan o‘lchashlar bajarib, punktlarning koordinatalarini aniqladilar.

Balandlik tarmoqlarini rivojlantirishda bitta tugun nuqtali 3-sinf davlat nivelir tarmog‘i qurilib, har bir yo‘llar bo‘yicha tugun nuqtaga qarab 3-sinf nivelirlashni (N3 niveliri va yaxlit shashkali reykalar bilan) to‘g‘ri va teskari yo‘nalishlarda bajarishdi. Nivelirlash natijalari matematik ishlab chiqib tugun nuqtaning mutlaq balandligini hisoblab topdilar.

O’zMU Axborot xizmati