Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda! Qutlug` sanaga oz qoldi!

“ILMIY TADQIQOTLAR SAMMITI” RESPUBLIKA KO’P TARMOQLI ILMIY-AMALIY ANJUMAN G‘OLIBLARI TAQDIRLANDI

Joriy yilning 19-aprel kuni “Ilmiy tadqiqotlar sammiti” Respublika ko‘p tarmoqli ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etgan O‘zbekiston Milliy universitetining professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari taqdirlandi.
Mazkur sammitning Fizika fanlari sho‘basi bo‘yicha Fizika fakulteti 2-bosqich talabasi Abduraxmonov Abdug‘ani “Eng yaxshi maqola” muallifi deb topildi. Sammitning Geografiya fanlari sho‘basi bo‘yicha “Eng yaxshi maqola” muallifi sifatida Geografiya va tabiiy resurslar fakulteti 1-bosqich magistranti G‘aybullayev Umrzoq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, sammitda Fizika fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari Xaqqulov Jahongir “Eng yaxshi ilmiy rahbar” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Milliy universiteti birinchi prorektori Muhammadiyev Jabbor O‘roqovich ishtirok etdi hamda sovrindorlarni tabriklab, ularning kelgusidagi ilmiy-ijodiy faoliyatiga ulkan zafarlar tiladi.
Ushbu sammitni tashkil etishda yaqindan yordam bergan va o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan, tashkiliy qo‘mita a’zolari Fizika fakulteti 2-bosqich talabasi O‘roqova Asila hamda Ijtimoiy fanlar fakulteti 1-bosqich magistranti Usmanov Abdumo‘minlarga Tashkiliy qo‘mita tomonidan tashakkurnomasi topshirildi.

O‘zMU Axborot xizmati