Haydar Aliyev sharafiga qo‘yilgan yodgorlik majmuasida tadbir bo‘lib o‘tdi



Bugun, poytaxtimizdagi Ozarbayjon davlat arbobi Haydar Aliyev sharafiga qo‘yilgan yodgorlik majmuasida adabiy-badiiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik va idoralar rahbarlari, taniqli fan, san’at, madaniyat arboblari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, talaba va o‘quvchilar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisining ko‘p qirrali faoliyati milliy manfaatni himoya qilish, qardosh xalqlar o‘rtasidagi munosabatni rivojlantirish, Ozarbayjonning xalqaro siyosat maydonidagi nufuzini oshirishga xizmat qilgani alohida ta’kidlandi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi jamoasi, respublika oliy ta’lim muassasalari rahbarlari qatorida O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov ham ishtirok etdi.





Tadbir so‘nggida vazirlik va idoralar rahbarlari, taniqli fan, san’at, madaniyat arboblari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari Ozarbayjon davlat arbobi Haydar Aliyev sharafiga qo‘yilgan yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘yishdi. Ma’lumot o‘rnida, Prezident Ilhom Aliyev 2019-yil Ozarbayjonga tashrif buyurgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda Sharof Rashidov va Haydar Aliyev o‘rtasida mustahkam do‘stlik rishtasi qoyim bo‘lganini ta’kidlagan edi.
Haydar Aliyev jahon tarixidagi o‘ta ziddiyatli XX asrda zamonaviy Ozarbayjonning buyuk bunyodkoriga aylandi. U mamlakat taraqqiyoti poydevorini qo‘ydi, mustaqil respublika me’mori sifatida davlatchiligimizni shakllantirdi. O‘zbekiston bilan munosabatni yuqori darajaga ko‘tarish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi startegik sheriklik, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro yordamda u beqiyos o‘rin egallagan.
Bugun buyuk yetakchi Haydar Aliyevning orzu-niyati amalga oshdi: mustaqil Ozarbayjon o‘z tarixiy o‘tmishi, mustaqilligi, boy madaniyatini saqlagan holda, dunyo davlatlari orasida dadil qadam tashlamoqda. Turkiy davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik mustahkamlanmoqda. Xususan, ikki qardosh mamlakat – Ozarbayjon va O‘zbekiston munosabati yuksak darajaga ko‘tarildi.
O‘zMU Axborot xizmati