Bir-birimizdan o`rganishimiz zarur....


Belorus Respublikasi poytaxti Minsk shahrida tashkil etilgan XXU1-an`anaviy xalqaro kitob ko`rgazmasida jahonning o`ttizdan ortiq mamlakatlaridan kelgan  noshirlar o`z mahsulotlarini namoyish etdilar. Mutaxassislarning fikricha, bugungi kunda  dunyoda badiiy adabiyotga bo`lgan qiziqish bir muncha susayib borayotgan, badiiy asarlarning mavzu doiralari torayayotgan, jiddiy hayotiy haqiqatlar, ijtimoiy-falsafiy mushohadalar o`rnini to`qima sarguzashtlar, engil memuarlar egallayotgan bo`lsa-da, matbaa san`ati izchil rivojlanib bormoqda. Buni  poligrafiya sanoatining yangi zamonaviy bosma jihozlar bilan qurollanishi, har bir  mahsulot o`quvchini o`ziga jalb qila oladigan darajada bezatilayotgani bilan izohlash mumkin. 

Ko`rgazma tadbirlari doirasida Yozuvchi va davr mavzusida  simpozium bo`lib o`tdi. Yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olim va tarjimonlar ishtirokda beshinchi bor o`kazilgan davra suhbati, bahs-munozara va taqdimotlarda ham ijtimoiy, ham ma`naviy jihatdan o`zgarib borayotgan, jamiyat va shaxs munosabatlari jiddiylashayotgan  bugungi dunyoning ma`naviy taqdirida  adabiyotning o`rni, so`zning qadri, ijodkorning ijtimoiy faolligi, adolat uchun kurashi  xususida keng qamrovli fikr almashuvlar bo`lib o`tdi.

O`zbekistonlik adib va noshirlar ko`rgazma va simpozium ishida faol ishtirok etdilar. Jahon adabiyoti jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboev, Sharq NMAK Bosh tahririyati bosh muharriri Ahror Ahmedov, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas`ul xodimi R. Haydarovaning adabiy aloqalar, badiiy tarjima, noshirlik mahorati mavzularidagi ma`ruzalari e`tibor bilan tinglandi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning mamlakatda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, Yozuvchilar uyushmasi faoliyati samaradorligini  yanada oshirish chora-tadbirlari to`g`risidagi qarorlari, faol ijodkorlar uchun yaratilayotgan imtiyozlar ishtirokchilarda jiddiy qiziqish uyg`otdi.

  Minsk shahri markazida joylashgan Do`stlik kitob magazinida mamlakatimiz nashriyotlarida chop etilgan asarlarni namoyish etuvchi  maxsus burchak tashkil etildi. Belorus Respublikasining Belkniga va Sharq ziyokori kitob do`koni o`rtasida ijodiy hamkorlik memorandumi imzolandi. 

Belorus Davlat universitetining filologiya va jurnalistika fakultetlarida O`zbekiston Milliy universiteti dotsenti Ahmadjon Meliboevning badiiy tarjima muammolari hamda jurnalist kadrlarni tayyorlash masalalari xususidagi ma`ruzalari tinglandi.  Jurnalistika fakulteti professori, taniqli olim Viktor Ivchenkov shunday deydi: Biz bugun O`zbekistonda ijodkor ziyolilarga, badiiy adabiyot rivojiga, shuningdek, yosh avlod tarbiyasiga bo`layotgan e`tibordan, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir ma`lumotlardan voqib bo`lib, g`oyat ruhlandik. Toshkentda jurnalistika bo`yicha alohida universitet tashkil etilganidan quvondik. O`zaro talaba almashinish, ilmiy izlanishlarimiz natijalaridan bir-birimizni xabardor qilib turish xususida takliflar bildirdik. Xalqlar o`rtasidagi aloqalar hamisha taraqqiyotga xizmat qilgan. Shunday ekan, oramizdagi masofa uzoq bo`lsa-da, manfaatli hamkorlik aloqalarini kuchaytirishimiz, bir-birimizdan  o`rganishimiz zarur. 

Bu xulosa simpoziumning deyarli barcha tadbirlarida tez-tez takrorlanib turdi. Uchrashuvlarda shoir Sirojiddin Rauf va Risolat Haydarovaning belorus shoirlari asarlaridan qilgan yangi tarjimalari o`qildi. Belorus Yozuvchilar uyushmasi kutubxonasiga o`zbek adiblarining   kitoblari tuhfa etildi. 
                                                                 

                                                   
     Nodir Suvonov,
                                                       Mashhur-press nashriyoti direktori.
                                                         Minsk-Toshkent.
   

Asosiy korsatkichlar
1200 -
15500 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
45 Talim yonalishlari