Maktab o`quvchilarining taassurotlari bir olam

Maktab o`quvchilarining taassurotlari bir olam 

Yoshlikda olingan bilim – toshga o`yib yozilgan kabi mustahkam bo`ladi, degan hikmat zamirida ulkan ma`no mujassam. Bugun maktab partasida ta`lim-tarbiya olayotgan bolalarning bir qismi ertaga turli kasb-hunarlarni egallasa, ilmga intilgan iqtidorli, iste`dodli yoshlar oliy ta`lim muassasalarida o`qishni davom ettiradilar. 
Maktab o`quvchilarida ilm olishga bo`lgan qiziqishlarini oshirish, yoshlar o`rtasida ijtimoiy-ma`naviy muhitni yanada sog`lomlashtirish maqsadida Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetida turkum ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar o`tkazish yo`lga qo`yilgan. 
Navbatdagi ana shunday tadbirda Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi 2-sonli umumiy o`rta maktabning 10-11 sinf o`quvchilari ishtirok etdilar. 

“Harakatlar strategiyasi” xonasida boshlangan tadbirda O`zMU Yoshlar bilan ishlash bo`yicha prorektori Najmiddin Qodirov, respublika Yoshlar ittifoqi O`zbekiston Milliy universiteti kengashi raisi Shukurillo Anvarov, Ma`naviyat va ma`rifat, iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo`limi boshlig`i Barno O`ngboeva ilm har doim insonni yuksaklikka chorlashi, asr tengdoshi bo`lgan O`zMUda 100 yildan buyon qancha akademiklar, olimlar, atoqli adib va shoirlar, ziyolilar etishib chiqqanlari, jahonda e`tirof etilgan ilmiy maktablari, xalqaro aloqalar doirasida talabalar, yosh tadqiqqotchilarning xorij oliy ta`lim muassasalarida bilim va malakalarini oshirayotganlari, chet ellik professor-o`qituvchilar bo`lg`usi mutaxassislarimizga saboq berayotganlari, so`nggi yillarda bu dargohdan etishib chiqayotgan xalqaro fan olimpiadalari g`oliblari haqida atroflicha so`z yuritdilar.  
Qiziqarli davra suhbatiga aylangan tadbirda Prezident stipendiyasi sohibi, 2-bosqich magistri Ozodbek Rajabov, Navoiy nomidagi davlat mukofoti sovrindori Feruza Bekmurodova, Taekvondo va sport faoliyati fakulteti 1-kurs talabasi, Kombat Aykido sport turi bo`yicha jahon chempionati sovrindori, Osiyo chempioni, ikki karra O`zbekiston chempioni, sport ustasi Amirbek Olimov, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Bahora Abdusattorovalar ilm-fan sirlarini puxta egallash yo`lida ustozlaridan qanday saboq olayotganlari, kelgusida qanday marralarni ko`zlayotganlari, orzu-intilishlari haqida so`zlab berdilar. Ularning asl orzusi – kelgusida ona yurtimiz shuhratini mudom dunyo qadar ko`tarish ekanligi maktab o`quvchilarida ham katta qiziqish uyg`otdi. 
Tadbir davomida Tarix fakultetining “Arxeologiya muzeyi”ga borgan o`quvchilarga Ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha dekan o`rinbosari Hikmat Polvonov bu erda saqlanayotgan noyob topilmalar, asori-atiqlar haqida keng ma`lumot berdi. 
*** 


O`zMU “Harakatlar strategiyasi” xonasida o`tkazilgan navbatdagi ma`naviy-ma`rifiy tadbirda Toshkent tumanidagi 2-sonli umumiy o`rta maktabning 9-sinf o`quvchilari ishtirok etdilar. 
Ochiq muloqotda O`zMU rektori Avazjon Marahimovning Milliy universitet tarixi va bugungi istiqbollari, rivojlangan davlatlarning universitetlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, talabalar almashinuvi, ikki davlat universitetida tahsil olgan iqtidorli talabalarga qo`shma diplom berilishi haqidagi fikrlari maktab o`quvchilarida katta qiziqish uyg`otdi. 
Tadbir davomida o`quvchilar Milliy universitet ma`rifat o`chog`iga aylangan “Chingiz Aytmatov va O`zbekiston doimiy ekspozitsiyasi”, “O`zbekiston qahramonlari” ekspozitsiyasi, kutubxonalar, kompyuter xonalari bilan tanishdilar. Yoshlar bilan ishlash bo`yicha prorektor Najmiddin Qodirovning universitetimiz faxriga aylangan O`zbekiston qahramonlari haqidagi fikrlari maktab o`quvchilarida katta taassurot qoldirdi
Biologiya fakultetining “Zoologiya muzeyi”da Ma`naviyat va ma`rifat, iqtidorli yoshlar bilan ishlash bo`limi boshlig`i Barno O`ngboeva hamda mutaxassis murabbiylar o`quvchilarni ona tabiat mo``jizalariga oshno etdilar. 
Maktab o`quvchilari o`zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

To`lqin EShBEK, 
O`zMU Axborot xizmati rahbari

Asosiy ko‘rsatkichlar
1200 Ïðîôåññîð-¢êèòóâ÷èëàð ñîíè
15500 Jami talabalar soni
3500000 ARM fondi
45 Ta’lim yo‘nalishlari