Inklyuziv ta’lim bo’yicha Fransiya bilan hamkorlik

Ma’lumki, bugungi kunda BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari barcha yo’nalishlarda taraqqiyot mezonlari uchun asos sifatida xizmat qilib kelmoqda. Inklyuziv ta’lim sifatini yaxshilash va uni zamon talablariga moslashtirish mazkur maqsadlardan biridir. Har bir sohada imkoniyati cheklanganlar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda mavjudlarini yangilash borasida O’zbekiston Milliy universitetida ham qator chora-tadbirlar olib borilmoqda. Univeristetning 2022-2026-yillarga mo’ljallangan rivojlanish strategiaysida ham ushbu tarmoqni yanada takomillashtirish borasidagi rejalar belgilab qo’yilgan.
Yaqinda bo’lib o’tgan Fransiya-O’zbekiston ikkinchi ta’lim forumi davomida O’zMU prorektori Sh.Toshmatov inklyuziv ta’lim bo’yicha Fransiyaning INSHEA (Institut national supérieur handicap et enseignements adaptés – Ta’limni nogironligi bor shaxslarga moslashtirilgan milliy instituti) vakillari bilan muzokaralar o’tkazib, hamkorlik o'rnatish masalasida kelishuvlar olib borganliklari to'g'risida avval xabar berilgan edi.
Mazkur kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida bugun, 9-dekabrda INSHEA rahbariyati vakili Sofi Jint bilan videokonferensiya bo’lib o’tdi. Onlayn muloqot davomida o’zaro tajriba almashish, o’qituvchilar malakasini oshirish, talabalar mobilligini yo’lga qo’yish, nafaqat oliy ta’limda, balki kichik yoshdan boshlab inklyuziv ta’lim tizimining izchilligini ta’minlash, har bir davrdagi bosqichlar o’rtasida o’zaro bog’liqlikni yo’lga qo’yish, ta’lim muassasalari va ularning texnik holatini ushbu ta’lim turiga moslashtirish masalalari ko’rib chiqildi.
Muloqot yakunida O’zMU delegatsiyasining hamkorlik aloqalarining birinchi bosqichi sifatida INSHEA ta’lim muassasalariga tashrifi va bunda talabalar ham ishtirok etishi kelishib olindi.


Xalqaro aloqalar bo'limi