Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

JURNALISTIKA VA IJTIMOIY JARAYON

Matbuot  jamiyatda kechayotgan  jarayonlar, keng qamrovli islohotlar ruhi bilan yashaydi. Mamlakatda yuz berayotgan muhim oʻzgarishlar, yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar OAVda oʻz aksini topadi. Shu maʼnoda keyingi yillarda mamlakatimizda matbuot soʻzining taʼsirchanligi va samaradorligi sezilarli darajada oʻzgarganini eʼtirof etish zarur. Soʻz, mavzu va fikr erkinligining huquqiy asoslari yaratildi. Gazeta-jurnallar uzoq yillar orzulagan  ochiqlik va oshkoralik muhiti sari dadil qadam tashlamoqda. Matbuotimizda chuqur tahlilli maqolalarning, jumladan, jurnalist surishtiruvi natijalarining koʻpayayotgani fikrimizga dalil boʻla oladi.

Davlatimiz rahbarining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ochiqlikka erishish borasidagi ishlarni yangi sifat bosqichiga koʻtarishga asos boʻladi, deya olamiz. Chunki, dunyo tarixidan maʼlumki, ochiqlik, oshkoralik hech qachon jamiyat manfatlariga zid kelmagan, aksincha, milliy rivojlanish jarayoniga ijobiy  taʼsir koʻrsatgan. Shu bois, matbuot jamiyatning ilgʻor demokratik instituti sifatida eʼtirof etiladi, jurnalistika esa  jasorat talab etadigan kasblar sirasiga kiradi.

Bundan ellik ikki yil avval hozirgi Oʻzbekiston Milliy universtitetining jurnalistika fakultetiga oʻqishga kelganimda, eng katta orzuim –  gazeta muxbiri boʻlib, yurt kezish, maqola va ocherklar yozish  edi. Orzuim ortigʻi bilan amalga oshdi – dunyo kezdim, nufuzli gazeta va jurnalga muharrir boʻldim, “Mahorat maktabi”mni ochdim, mana, yigirma ikki yildirki, oʻzim tahsil olgan qadrdon universitetda boʻlajak kasbdoshlarimga saboq beraman. Bu saboqlar mening sharafli kasbimiz haqidagi oʻylarim, hayotiy kuzatuvlarim, ijodiy xulosalarimdan iborat. Bu saboqlar talabalar bilan birga... oʻzim uchun ham  zarur. Negaki, inson boshqa bir insonga bir nimalarni uqtirar ekan, shu uqtiruvni oʻzi ham uqishi kerak. Boshqalarni eshitmagan odamni kechirsa boʻladi, ammo oʻzini oʻzi eshitmaydigan, oʻzini oʻzi anglamaydigan odamni tushunish ham, kechirish ham qiyin. Jurnalistika odamni bir umr talaba qilib qoʻyadi – matbuotda ellik yil ishlaysizmi, oltmish yilmi, bundan qatʼi nazar, kasbingiz sir-asrorlarini anglab yetishda, yangi-yangi jihatlarini kashf etishda davom etaverasiz. “Boʻldi, hammasini bildim”, degan kuningiz bir xatoga yoʻl qoʻyasiz.

Bu mushohadalarni qogʻozga tushirishimning boisi bor, albatta. Bugun milliy taraqqiyotning tamomila yangi bosqichida, yangi siyosat, yangi tafakkur, yangi ijodiy muhit sharoitida yashamoqdamiz. Bu sharoit osmondan tushmadi, birovdan  andoza olganimiz  ham yoʻq – uni oʻzimiz fidoyi mehnatimiz,   qalb qoʻrimiz va ijodiy jurʼatimiz bilan yaratmoqdamiz. Bir holatda turib qolgan, kechagi kun bilan yashayotgan sohaning oʻzi yoʻq. Milliy yuksalish sari  intilish va harakat bor. Buni boshqa sohalar qatori, OAV faoliyatida, jamiyat va matbuot munosabatlarida, odamlarning  zarur axborotlarga ega boʻlish huquqlari taʼminlanayotganida  koʻrsa boʻladi. Ilgʻor bosma nashrlar,  televideniye va radio sohalari ish uslubi oʻzgardi – bugungi gap bugun aytilishi va “isteʼmolchi”ga yetib borishi kerak. Bu harakat boshida mamlakat Prezidenti turibdi.

Keyingi ellik yil ichida Milliy universitet hayotida yuz bergan  oʻzgarishlar, bizga saboq bergan ulugʻ ustozlar koʻz oʻngimdan oʻta boshlaydi. Necha ming-ming talaba turli fakultetlarda tahsil olib, ilm-fan, iqtisod va siyosat, adabiyot va madaniyat, til va tafakkur olamiga shu ulugʻ dargohdan  yoʻllanma olishdi. Bugun davlat tashkilotlarida, bosma va elektron nashrlarda, diplomatiya sohasida faoliyat olib borayotgan kasbdoshlarimiz, adabiyot va sanʼat dargʻalari, xalq shoiri va yozuvchilari, davlat va jamoat arboblari orasida jurnalistika fakultetining sobiq talabalari koʻpchilikni tashkil etadi.

Bir vaqtlar filologiya va jurnalistika fakultetlari bitta binoda yonma-yon faoliyat yuritib, baʼzi zerikarli darslar oʻrniga qoʻshni fakultetdagi taniqli ustozlarning xotiraga naqshlanadigan saboq-suhbatlarini pinhona tinglar edik. Jurnalistika fakulteti poytaxtni xoʻb aylanib, charchab-horib, yana bosh korpus yoniga – matbuotda “Jurnalistika fakulteti uchun alohida bino qurildi”, deb eʼlon qilingan, televideniyeda namoyish etilgan, davlatimiz rahbarining qutlovi matniga kirgan “koshona”ga qaytdi.
Bir qarashda jiddiy muammo yoʻqday, ammo oʻzgarayotgan dunyo, ilm-fan yutuqlari, yangi tafakkur, yangi Oʻzbekiston oldidagi vazifalar bois ilmiy-ijodiy izlanishda muttasil davom etishimiz kerakligini hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Bugun tajribali ustoz ham, shogird ham malaka-mahoratini zamonaviy bilimlar bilan mustahkamlab borishi, ustoz-shogird munosabatlarida halol va adolatli boʻlishi kerak. Bundan-da muhimi – jurnalistika ilmi va amaliyotida mehnat qiladigan har bir ustozning, har bir qalamkashning bugunning nafasi sezilib turadigan, taʼsirchanligi susaymaydigan jurʼatli soʻzi, mustaqil fikri, qatʼiy hayotiy pozitsiyasi boʻlmogʻi darkor. Bu – avvalgi tajribalardan voz kechish degani emas, aksincha, bugunda oʻtmish va kelajakni uygʻunlashtira olish degani. Bunga erishish uchun nima qilish kerak?
Boshqa sohalarda, masalan, aniq fanlarda semestr davomida oʻtiladigan mavzular, oʻqiladigan maʼruzalar va oʻtkaziladigan amaliy mashgʻulotlarni avvaldan rejalashtirsa boʻladi. Jurnalistikada esa bunday yoʻl tutish oʻzini oqlamaydi. Buning obyektiv sabablari mavjud.
Jurnalistika boshqa sohalar kabi zahmatli mehnatni talab etadi. Bu zahmat bir umr davom etadi, adogʻi koʻrinmaydi. Zamonlar oʻzgargani sari matbuot oldida yangi-yangi vazifalar paydo boʻladi. Gazetxon atalmish har yangi avlod sendan rost soʻzni, voqea-hodisalarning rost talqinini, yangi dunyo, yangi jamiyatning maʼnaviy-axloqiy qadriyatlariga doir sharhlarni kutadi. Gazetaning har bir sonida oʻquvchi uchun yangi soʻz aytish, oʻquvchi ong-shuuriga taʼsir koʻrsatish, koʻnglida maʼlum fikr-mushohada (bahs-munozara) uygʻotish oson ish emas. Chunki u ham, xuddi ustozlar kabi, dunyoni kuzatib turibdi, shu bezovta dunyo ichida quvonchu tashvishlarga, buyuk ixtiro-yu, mashʼum xatoliklarga guvoh boʻlib yashamoqda. Shoʻrolar zamonida gazetaning har aytgan soʻzi, har bildirgan fikri, u haqiqatga qanchalik toʻgʻri kelishi yoki kelmasligidan qatʼiy nazar, haqiqatga mengzalardi. Gazetada chiqdimi, bas, boshqacha fikrga oʻrin qolmasdi. Bugungi matbuot odamlar taqdirini oʻzi hohlagancha hal qilish funksiyasidan xalos boʻldi. Endi u jamoatchilikning erkin va xolis minbari, xilma-xil fikrlar, munozaralar maydoni. Bu maydonda har kim oʻz nuqtai nazarini bayon qilishi, bahsga kirishishi mumkin.
Bugungi tanqid dahshatli jazo quroli emas, endi u sizga, menga – hammamizga yordam qoʻlini choʻzadi, nuqsonlarimizni aniqlaydi, hamkorlik qiladi, najot yoʻllarini koʻrsatadi. Shunday ekan, matbuotning taʼsirchanlik darajasi, oʻz vazifasini nechogʻli bajarayotgani – jamiyatning, mansabdorlaru ijrochi rahbarlarning tanqidga munosati bilan bogʻliq. Taassufki, hozircha bu munosabatni toʻla maʼnoda ijobiy deyish qiyin. Matbuotning ijtimoiy adolat, oshkoralik va halollik yoʻlidagi jonbozligini, jurnalistlarning kuyunchakligini qoʻlda nayza, dilda gʻaraz bilan kutib olayotganlar, jurnalistlar shaʼniga dogʻ tushiruvchi boʻhtonlar oʻylab topayotganlar oz emas. Bundan yuz yil avval “Mushtum” jurnali sahifalarida eʼlon qilingan tanqidiy maqolalar mualliflari qanday tazyiqqa uchragan boʻlsalar, bugunga kelib ham bu gʻalamislik toʻla barham topgani yoʻq. Shuni unutmaslik kerakki, jurnalistlarga asossiz bosim oʻtkazish, ularni yomonotliqqa chiqarish harakatlari matbuotda yanada jurʼatli nomlarning paydo boʻlishiga olib keladi.

Hech bir nashr, oʻta jasoratli boʻlganda ham, uni mablagʻ, maosh, qogʻoz, transport bilan taʼminlaydigan muassisga qarshi soʻz aytmaydi. Siyosiy nashrlar raqib partiyalar faoliyatini rosa oʻxshatib tanqid qiladi, ammo oʻzlarining nuqsonlari xususida lom-mim deyishmaydi. Misol tariqasida: ijtimoiy va maʼrifiy jihatdan boy tajribaga ega “Maʼrifat” gazetasi Xalq talimi vazirligi faoliyatidagi yutuqlarni bemalol yozishi mumkin, mavjud kamchiliklarni yozishdan esa tiyiladi. “Xalq soʻzi”, “Qishloq hayoti”, viloyat, tuman gazetalari ham shunday. Bu prinsip saqlanib qolar ekan, matbuotning mustaqilligiga, xolis fikr rivojiga putur yetadi. Buning davosi – iqtisodiy jihatdan kimgadir qaram boʻlmagan, oʻrtada xolis tura oladigan, hammaga bir “koʻz” bilan qarashga qodir nashrlarni koʻpaytirish.
A. Kamyuning “Erkin matbuot yaxshi ham, yomon ham boʻlishi mumkin. Erksiz matbuot esa hamisha yomon boʻladi”, degan fikri koʻpchilikka tanish. J. Petan esa bunday deydi: “Yorugʻ kelajak haqida siyosatchilar soʻz yuritadi, yorugʻ oʻtmish haqida tarixchilar yozishadi. Bugunni yorugʻ qilish jurnalistlarning ishi”. Stanislav Lesning xulosasi yanada eʼtiborli: “Gazeta muassisga tegishli, soʻz erkinligi esa xalqqa tegishlidir”.
Shu va shu kabi boshqa koʻplab fikrlarni umumlashtirgan holda aytish mumkinki, jamiyat qanday boʻlsa, uning matbuoti ham shunday boʻladi, yaʼni, jamiyat oldida turgan vazifalar tegishli matbuot uchun ham bosh vazifa hisoblanadi. Bugun Rossiya, Ukraina, Gruziya yoki Yaqin Sharq davlatlari matbuoti mazmunan bir-biridan keskin farq qiladi, negaki, ular mansub boʻlgan davlatlar oldida turlicha vazifa turadi va bunda har kim oʻzini haq deb hisoblaydi.
Matbuot tarixidan maʼlumki, jurnalistlar koʻp hollarda kasb etikasidan, ijodkorlik burchi, fuqarolik masʼuliyatidan kelib chiqib, zimmalariga oʻta ogʻir vazifalarni olishadi. Rasmiylar, masʼullar, begʻam rahbarlar eʼtiboridan chetda qolgan muammolarni yechishga, yashirilgan, qasddan soxtalashtirilgan haqiqatlarni ochishga xizmat qilishadi va koʻp hollarda buning uddasidan chiqishadi ham. Dunyo davlatlarida, jumladan Oʻzbekistonda jurnalistlarning jurʼatli chiqishlari bilan koʻplab qaror va farmoyishlar qabul qilingani, el-yurt, yaxshi qoʻshnichilik manfaatlariga zid cheklovlar bekor boʻlgani, muammolarning yechimi topilgani va bu jarayon bugun ham davom etayotgani maʼlum. Ammo… shu bilangina qanoatlanib boʻlmaydi. Bugun matbuotimiz uchun yangicha fikrlaydigan, ona tili bilan birga, xorijiy tillarni ham yaxshi biladigan, birlamchi manbalar bilan ishlay oladigan kadrlar kerak. Ularni biz uchun boshqa hech kim tayyorlab bermaydi. Shunday ekan, jurnalistika fakultetlari jamoalari, ustoz-murabbiylar oldida yangi Oʻzbekistonning yangi jurnalist kadrlarini tayyorlash bilan bogʻliq gʻoyat masʼuliyatli vazifa turibdi. Ular nimalardan iborat?
Jurnalistika fakultetiga qoʻlida qalami bor, ijodkorlikka moyil, matbuotda maqolalari eʼlon qilingan, yosh muxbirlar tanlovlarida qatnashib, kasb haqida maʼlum tasavvurga ega yoshlar kelsa, ularga badiiy ifoda mahoratini oʻrgatish oson kechadi. Buning aksi boʻlsa, kamida bir yillik vaqt boʻlajak kasbga xos dastlabki tushuntirish saboqlari bilan oʻtadi. Dunyoning nufuzli oliy oʻquv yurtlarida jurnalistikani ixtiyor qilgan talabalar, bir vaqtlar yurtimizda faoliyat yuritgan madrasalarda boʻlganidek, dastlabki saboqlardan boshlab, mantiqiy fikrlashga, tahlil va sharhga, bahs-munozara mahoratiga, ishontirish sanʼatiga, murakab fikrlarni sodda va ixcham tarzda ifodalashga oʻrgatiladi. Bundan anglashiladigan xulosa shuki, biz har yangi oʻquv yilida jurnalistikaga kimlar, iqtidori qay darajadagi yigit-qizlar kelishini kutib oʻtirmay, tuman va viloyatlarda kasbga yoʻnaltirish ishlarini olib borishimiz, ijodkorlikka moyil yoshlarga foydali maslahatlar berishimiz zarur. Abituriyentlarni ijodiy suhbatdan oʻtkazishda tuman, shahar yoki viloyat gazetalari, markaziy nashrlar tahririyatlari, boshqa dahldor tashkilotlar bergan tafsifnomalarga, oʻqishni bitirgach, ishga qabul qilish boʻyicha kafolat xatlariga eʼtibor berish foydadan xoli boʻlmaydi.

Bugun mamlkatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirishga jiddiy eʼtibor berilayotgan, Oliy taʼlim tizimida yangi islohotlar boshlanayotgan ekan, oʻqimishlilik darajasini aniqlovchi savollar yuzaga chiqishi kerak. Ishonchim komilki, bugungi sharoitda gazeta-jurnal oʻqimaydigan pedagog, u qanchalar tajribali boʻlmasin, yangi talablar darajasida dars bera olmaydi.

Ahmadjon MELIBOYEV,
“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi Publitsistika kengashi raisi,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist