Kiberjinoyatchilikni bartaraf etish — aktual masala

Bugungi kunda global axborot maydonida kiber makon bilan bogʻliq yangidan-yangi tahdidlar yuzaga kelmoqda. Shu bois virtual olamdagi hujumlardan himoyalanish masalasi dunyo hamjamiyatini jiddiy tashvishga solmoqda.
O‘zbekiston milliy universitetida Ichki ishlar vazirligining kiberxavfsizlik xodimlari, katta tezkor podpolkovnik Saidahmad Yo'ldashev, mayor Timur Yermetov, Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi podpolkovnigi Alisher Abdulhaqov hamda kapitan Sharif To‘laganov ishtirokida tyutorlar, talabalar bilan o'tkazilgan davra suhbati kiber makonda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashishning dolzarb muammolariga bagʻishlandi.
Unda so‘zga chiqqanlar hozirgi kunda kiberjinoyatchilikning turlari ortib borayotgani, bu illatdan himoyalanish, uning jabrlanuvchisiga aylanib qolmaslik, Internet savodxonligini oshirish, axborot xurujlariga nisbatan immunitetni shakllantirish bo‘yicha talaba-yoshlarga maslahatlar berib, Ichki ishlar vazirligi rasmiy sayti va “syber 102” kanaliga ulanishlari tavsiya etildi.
Feyk axborotlar, soxta ma’lumotlar, yot g‘oyalardan ogoh bo‘lish, taqiqlangan saytlardan foydalanmaslik hamda turli bukmekerlik, totalizator o‘yinlarga kirmaslik bo'yicha batafsil tushuntirish berildi.
Tahlillarga koʻra, dunyo boʻylab har yili 500 milliondan ortiq kiber hujumlar uyushtiriladi. Har soniyada 12 nafar insondan biri kiber makonda sodir etilgan hujumlar qurboniga aylanadi. Amerika Qoʻshma Shtatlari, Fransiya, Angliya, Germaniya, Belgiya, Lyuksemburg kabi rivojlangan davlatlarda jinoyatlarning 60-65 foizi kiber hujumlar orqali sodir etilmoqda. Oʻzbekistonda ham soʻnggi uch yilda bu turdagi jinoyatlar 8,3 baravarga koʻpayib, hozirda umumiy jinoyatchilikning qariyb 5 foiziga yetgan. Xususan, noqonuniy bank-moliya operatsiyalari orqali oʻzgalarning plastik kartadagi mablagʻlarini oʻzlashtirish, zararli viruslar tarqatish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan onlayn oʻyinlar, diniy aqidaparastlikka qaratilgan axborot xurujlari, onlayn savdo maydonidagi firibgarlik jinoyatlari koʻpayib bormoqda.
Achinarlisi, axborot texnologiyalari yordamida huquqbuzarlik va jinoyatga qoʻl urgan shaxslar orasida yoshlar koʻpchilikni tashkil etmoqda. Respublikamizda virtual olamdagi qonunbuzilishlarning aksariyati 16-23 yosh oraligʻidagi oʻsmir-yoshlar tomonidan sodir qilinmoqda. Bundan koʻrinib turibdiki, kiberxavfsizlikni taʼminlash masalasi bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.




O‘zMU Axborot xizmati