Kim Vatanga sodiq boʼlsa – mendirman oʼsha

Ona Vatan himoyasi barchamiz uchun hamisha sharafli va muqaddas burch hisoblanadi. Bu vazifani ado etishda yurtimizning himoyachilari boʼlgan Qurolli kuchlarimiz tomonidan halqimizning tinch va osoyishta hayotini taʼminlashda olib borayotgan xizmatini munosib baholash hamda ularga zarur shart-sharoit yaratish masalalari davlatimiz siyosatining muhim va ustuvor yoʼnalishlaridan biri boʼlib kelmoqda.Bu kabi eʼtibor va eʼtirof masʼuliyatli kasb egalarining Vatan oldidagi xizmatlarini yuqori baholanishini namoyon etib, ularning kelgusidagi faoliyatiga ham kuch-quvvat, shijoat va albatta sadoqat bagʼishlaydi.

Joriy yilning 12-yanvarь kuni Oʼzbekiston Milliy universitetida ham Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining
29 yilligi hamda 14-yanvarь Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan "Kim Vatanga sodiq boʼlsa – mendirman oʼsha” shiori ostida maʼrifiy bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbir doirasida harbiy xizmatchilarning maxsus tayyorgarlik chiqishlari, harbiy-jangovor texnikalar koʼrgazmasi, "General va yoshlar" uchrashuvi boʼlib oʼtdi. Mazkur tadbirdan koʼzlangan yagona maqsad yoshlarda yurtga sadoqat tuygʼularini kamolga yetkazish, ularni oʼz xalqiga, Prezidentiga va Vataniga sadoqat ruhida tarbiyalash, yoshlarda mardlik, jasurlik, qatʼiyat, kuch-gʼayrat, intizom kabi qadriyatlarni mustahkamlashdan iborat etib belgilandi. Tadbirni Yoshlar bilan ishlash boʼyicha prorektor Kamoliddin Mirzaaxmedov kirish soʼzi bilan ochib berdi va universitet professor-oʼqitkvchilari hamda talaba-yoshlarga bayram tabrigini yoʼlladi. Shuningdek, mazkur maʼrifiy tadbirda Qurolli Kuchlar faxriysi, Oʼzbekiston Respublikasining birinchi Mudofaa vaziri, general polkovnik Rustam Аxmedov, Qurolli Kuchlar faxriysi, zaxiradagi palkovnikHikmatillo Qosimov faxriy mexmonlar sifatida ishtirok etdi. “General va yoshlar uchrashuvi” doirasida Oʼzbekiston Respublikasining birinchi Mudofaa vaziri, general polkovnik Rustam Аxmedov soʼzga chiqib, soʼnggi yillarda Oʼzbekiston Qurolli kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan islohatlar va hozirgi kunda yoshlarga berilayotgan yangi imkoniyatlar haqida soʼz yuritdi. Qurolli Kuchlar faxriysi, zaxiradagi polkovnikHikmatillo Qosimov talaba-yoshlarning harbiy sohadagi savollariga javob berdi.

“Vatan himoyachilari” kuniga bagʼishlangan maʼrifiy tadbirda OʼzMU Harbiy tayorgarlik oʼquv markazi boshligʼi, polkovnik Shavkat Urinov, Harbiy tayorgarlik oʼquv markazi ofitser-serjantlari, universitet soha prorektorlari, fakulьtet yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan oʼrinbosarlari hamda 350 nafar talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Muxtasar qilib aytganda, tinchlik bor joyga bayramlar-tantanalar yarashadi. Jannatmakon diyorimizda ushbu tinchlikni taʼminlab kelayotgan harbiy xizmatchilarni yana bir bor ushbu bayram bilan muborakbod etib, ularga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va albatta masʼuliyatli xizmatlarida kuch-quvvat tilab qolamiz.

OʼzMU Yoshlar bilan ishlash,
ma'naviyat va ma'rifat boʼlimi.