Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

Litva Respublikasining Vilnius universiteti vakillari bilan uchrashuv

Bugun, 13 aprel kuni Litva Respublikasining Vilnius universiteti rektori Rimvidas Petrauskas boshchiligidagi delegatsiya O'zMUga tashrif buyurdi. Uchrashuv chog'ida ikkitomonlama aloqalarni o'rnatish va istiqboldagi yangi hamkorlik yo'nalishlari xususida fikrlar almashildi. O'zMU universiteti rektori I.Madjidov barcha yo'nalishlarda hamkorlik qilishda O'zMU rahbariyati hamda professor-o'qituvchilar doim ochiq ekanliklarini bildirdi.

O'z navbatida Vilnius universiteti rektori Rimvidas Petrauskas Litva ta'lim tizimi hamda universitet faoliyatiga to'xtalib, ikki tomon uchun ham manfaatli bo'lgan hamkorlik yo'nalishlarini bildirib o'tdi. Xususan, Vilnius universitetining kuchli yo'nalishlari sifatida lazer fizikasi va biotexnologiyalar yo'nalishlarini ta'kidlab mazkur sohalar bo'yicha aloqalarni rivojlantirish taklifini ilgari surdi.

Uchrashuv yakunida turli xalqaro loyihalarda hamkorlikda ishtirok etishga, hammualliflikda maqolalar chop etishga, ilmiy laboratoriyalarda hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.