Malayziya xalqaro ta’lim xizmati vakillari O‘zMUda

Bugun, 9-mart kuni Malayziyaning nuzufli tashkilotlaridan biri Malayziya xalqaro ta’lim xizmati vakillari O‘zMUga tashrif buyurdi. Uchrashuvda tashkilot direktori Abdul Razak Ahmad, korporativ strategiya bo‘yicha direktor o‘rinbosari Azhar bin Mohamed, Xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Syed Mohsen Alkaff va O‘zbekiston Milliy universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi vakillari ishtirok etishdi.
Tashrifdan koʼzlangan asosiy maqsad hamkorlik o‘rnatish, shuningdek, hamkorlik doirasida ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish, umumiy ilmiy tadqiqotlarni faollashtirish, talabalar akademik mobilligi bo‘yicha kelishuvlar olib borish, ilmiy faoliyat yuzasidan bildirilgan tashabbuslarni qoʼllab-quvvatlashdan iborat.
Uchrashuv davomida Malayziya xalqaro ta’lim xizmati direktori Abdul Razak Ahmad Malayziya universitetlarining xalqaro universitetlar bilan hamkorligida ko‘prik vazifasini o‘tab kelayotganligi, shuningdek, O‘zbekiston Milliy universitetining Malayziyaning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va kuchaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish kerakligini alohida ta’kidlab o‘tdi va O‘zbekiston Milliy universitetining matematika, fizika va kimyo sohalarida so‘nggi yillarda qo‘lga kiritgan yutuqlari va amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarni e’tirof etdi. Shu bilan birga, ikki davlat aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilganligi va bunda taʼlimning alohida o‘rni borligini bildirib o‘tdi.
Uchrashuv so‘ngida amaliy qadam sifatida yaqin kunlarda Malayziya universitetlari va O‘zbekiston Milliy universiteti vakillari ishtirokida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini ochishga bag‘ishlangan onlayn seminar tashkil qilishga kelishib oldilar.


Xalqaro aloqalar bo'limi