Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

Media sohasida manfaatli hamkorlik aloqalari oʻrnatilmoqda

Mirzo Ulug’bek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetiga “Yangi Oʻzbekiston” va “Правда востока” tahririyati xodimlari tashrif buyurdi. Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad tahririyatda O`zMUning “Matbuot” boʻlimini tashkil etish va Jurnalistika fakulteti bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini oʻrnatishdan iborat.
Uchrashuvda Mirzo Ulug’bek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov, OʻzMU birinchi prorektori - Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo`yicha prorektor Jabbor Muhammadiyev, Jurnalistika fakulteti rahbariyati va “Yangi Oʻzbekiston” va “Правда востока” tahririyati bosh muharriri Salim Doniyorov va tahririyat xodimlari ishtirok etdi. Konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda Jurnalistika fakulteti talabalari gazetani chop etishga tayyorlash jarayoni bilan bogʼliq amaliyotni oʼtashlari uchun tegishli mutaxassislarni jalb qilib, shart-sharoit yaratish, tahririyatdagi tajribali amaliyotchi muharrirlarni, dizaynerlarni oʼquv jarayoniga, asosan amaliy mashgʼulotlar oʼtkazish uchun taklif etish boʻyicha muzokaralar olib borildi. Uchrashuv davomida tahririyat bosh muharriri Salim Doniyorov Oʻzbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulteti bitiruvchi yosh kadrlarni ishga qabul qilish hamda fakultet talabalarini tahririyatda amaliyot o’tkazish davrida ishlab chiqarish sharoitini yaratib berishini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-iyundagi PQ-294-son-qaroriga muvofiq jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari kafedralarining ixtisoslashgan boʻlimlarini tashkil etish boʻyicha tahririyatda OʻzMU Jurnalistika fakulteti “Jurnalistika” kafedrasining “Matbuot” boʻlimini tashkil etish toʻgʻrisida shartnoma imzolandi.

Ma’lumot oʻrnida, fakultet 8 ta tahririyat bilan shartnoma imzolash arafasida. Jurnalistika fakultetining “Jurnalistika” kafedrasining “Telejurnalistika” va “Radiojurnalistika” boʻlimlari Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasida imzolanishi kutilmoqda.

O`zMU Axborot xizmati