Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Ochlikka barham berish

Iqtisodiy, ijtimoiy  va  siyosiy  ziddiyatlarga  boy  davr  bo‘lgan XX asrning oxiri va XXI asrning boshiga kelib kishilik jamiyati kelajakda qanday qilib tinch va osoyishta hayot kechirishi mumkin degan savol eng dolzarb masalaga aylanib qoldi. Ushbu savolga yechim topish maqsadida 2015-yil  25–27 sentabr kunlari  BMTning  200 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etgan Sammitda aynan Barqaror rivojlanish masalasi  kun tartibiga qo‘yildi va yaqin 15 yilga mo‘ljallangan tadbirlar rejasi e’lon qilindi.

Barqaror rivojlanish konsepsiyasi – kelajak avlod ehtiyojlarini inobatga olgan tarzda hozirgi zamon kishilik jamiyatining o‘zaro uzviy bog‘langan ekologik xavfsiz, iqtisodiy ta’minlagan, ijtimoiy muhofazalangan va institutsional birlashgan hayot tarzini shakllantirishni o‘z ichiga olgan g‘oyalar tizimidir. Uning asosiy vazifalari: iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishda tabiiy  resurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish va iste’mol qilishning barqaror bo‘lmagan modellarini o‘zgartirish, qashshoqlikni yo‘qotish va aholini ish bilan ta’minlashdan iborat.

Globallashuv jarayoni tobora chuqurlashib, davlatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarining kengayishi natijasida hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining  taraqqiyot dasturlarida belgilangan maqsadlarni hal etish borasida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, qo‘lga kiritilayotgan ijobiy tendensiyalarga qaramay, qambag‘allik muammosi barcha rivojlanayotgan mamlakatlar qatori O‘zbekiston Respublikasida ham  o‘tkir muammolaridan biriga aylangan. Ayniqsa, butun dunyo bo‘ylab tarqalayotgan koronavirus pandemiyasi va global karantin sharoitida kambag‘allikning salbiy sotsial effekti yana bir bor namoyon bo‘lib bormoqda. 

Barqaror rivojlanish maqsadining hozirgi kundagi asosiy yo‘nalishlaridan biri bu – ochlikka barham berishdir. BMT hisobotida aytilishicha, dunyo bo‘ylab ochlikdan aziyat chekayotganlar soni  2021-yilda 828 millionga yetdi. Bu butun dunyoni larzaga keltirdi va ochlikka barham berishga qarshi kurashni jadallashtirdi.

Darhaqiqat, muhtaram Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoevning 2020-yil  24-yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida respublikamizda kambag‘allikni qisqartirishni yechimi kutayotgan dolzarb masalasi sifatida kun tartibiga olib chiqildi. Bu borada, Davlatimiz rahbari shunday o‘ziga xos yondashuvni ilgari surdiki, unga ko‘ra “Kambag‘allikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini ko‘paytirish, yoppasiga kredit berish, degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga o‘qitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uyg‘otish, infratuzilmani yaxshilash, farzandlarini o‘qitish, sifatli davolanish, manzilli nafaqa to‘lash tizimini joriy qilish kerak”.

Shu asnoda O‘zbekiston Milliy universiteti Barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri bo‘lgan ochlikka barham berish borasida bir qancha strategik ishlar olib boriladi. Bu strategik ishlar universitetning strategik rejasida, fakultetlarning istiqbolli rejasida, kafedralarning istiqbolli rejasida o‘z aksini topadi va bu borada amaliy ishlar amalga oshiriladi. Xuddi shunday ishlar fakultet ilmiy kengashlarida ko‘rib chiqilib, ularni yanada qo‘llab-quvvatlanadi va universitet budjetidan mablag‘ ajratiladi.

2021-yil 3-dekabr sanasida O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov boshchiligida Ijtimoiy fanlar va Jurnalistika fakultetlari mutaxassilari imkoniyati cheklangan bolalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ular ko‘ngliga quvonch olib kirish maqsadida Chirchiq shahar Xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 23-sonli yordamchi maktab o‘quvchilari holidan xabar olishdi. Uchrashuv chog‘ida universiteti rektori Inom Madjidov imkoniyati cheklangan bolalar bilan dildan suhbat qurib, ularning o‘y-hayollari bilan o‘rtoqlashdi. Imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning ijtimoiy moslashuv jarayonini takomillashtirish, ularga psixologik yondashuvning yangi metodlarini ishlab chiqish, analizatorlar, tayanch-harakat tizimi, ularning kognitiv faoliyatining buzilishi va buzilgan fazilatlarni yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha ta’lim mazmunini rivojlantirish ilmiy-tadqiqotlarini olib borishga doir vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov tomonidan mehribonlik uyiga 20 ta kompyuter, 10 ta smart doskalar taqdim etildi.

Bundan tashqari, 2021-yilning 19-avgust kuni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inomjon Madjidov Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 23-sonli mehribonlik uyiga tashrif buyurdi.

Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishish, yoshlarning holidan xabar olish, ularga amaliy yordam berishdan iborat. Tarbiyalanuvchilarga yanada ko‘proq qulayliklar yaratish maqsadida mehribonlik uyining kutubxona fondini boyitish, bolalarni axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, aniq va tabiiy fanlarga o‘rgatish va ularning kelgusida oliygohlarga kirishiga ko‘maklashish bo‘yicha o‘zaro kelishib olindi.

Shuningdek, 2021-yil avgust oyida yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin, O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi tomonidan 4 million 800 ming so‘mlik 2000 ta turli xil badiiy hamda o‘quv darsliklar sovg‘a qilindi. Muntazar tarzda universitet qaramog‘ida bo‘lgan 11 ta maktab, mehribonlik uylariga har tomonlama yordam berib borilmoqda.

2021-yilda O‘zbekiston Milliy universitetining dekabr oyidagi ilmiy kengashida kambag‘allikni kisqartirish, maktab internatlari, mehribonlik uylariga, qariyalar uylariga yordam berishda universitet budjetidan 200 million so‘m pul mablag‘i ajratilganligi rektorning hisobot yig‘ilishida aytib o‘tildi.

OʼzMU Аxborot xizmati