Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti rektorining Konstitutsiya kuni munosabati bilan yo’llagan bayram tabrigi

Hurmatli ustozlar! Aziz talaba-yoshlar!

Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Konstitutsiyamiz farovonligimiz, demokratik tamoyillar asosida yashashimiz, adolat ustuvorligini taʼminlanishi va inson huquqlari, manfaatlarining poydevoridir. Jamiyatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, islohotlar inson qadri uchun, kelajak avlodning istiqboli uchun sharafli maqsadlar sari tashlanayotgan qadamlar hisoblanadi. Buni Yangi O‘zbekistonda umummilliy taʼlim-tarbiya tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar misolida ko‘rishimiz mumkin.
Bugungi kunda 30 mingdan ortiq talaba-yoshlar taʼlim olayotgan universitetimizda ham yoshlarning sifatli bilim olishlari, raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishlari, qadriyatlarimiz va insoniylik tamoyillari asosida tarbiyalanib kamol topishlarida Qomusimiz ham kuch, ham ishonch, ham qudrat hisoblanadi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamizning 30 yilligi munosabati bilan yo'llagan tabriklarida: “Dunyo miqyosida “Yangi O‘zbekiston” degan ibora paydo bo‘lib, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi va obro‘-eʼtibori tobora ortib bormoqda.
Barchangiz xabardorsiz, shu kunlarda mamlakatimizda Asosiy qonunimizga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda. Ushbu konstitutsiyaviy islohotlarni Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmuni va mantig‘i, xalqimiz bildirayotgan talab, istak va takliflar, muxtasar aytganda, shiddat bilan o‘zgarayotgan davrning o‘zi taqozo etmoqda. Shu sababli hozirgi vaqtda “Inson – jamiyat – davlat” degan tamoyilni Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga, kundalik hayotimizga chuqur singdirishimiz zarur”ligini taʼkidlab o‘tdilar.
Bizning oldimizdagi vazifamiz Bosh qonunimizni chuqur o‘rganish, anglash, hayotga joriy etish va unga so‘zsiz amal qilish, taʼlim sohasida eʼtirof etiladigan natijalarimiz bilan birgalikda yoshlarimizning vatanparvar yigit-qizlar bo‘lib kamol topishi Vatan va xalqimiz oldidagi burchimizdir.

Aziz hamkasabalar, hurmatli talabalar!
Xalqimiz hayotini yanada obod va farovon qilish, yurtimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir insonga eʼtibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish – davlatimiz va jamiyatimizning bosh vazifasidir.
Mana shunday ezgu va sharafli maqsad yo'lida yoshlarimiz bir tanu bir jon bo‘lib harakat qiladilar, yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘lib maydonga chiqadilar, deb ishonaman.
Sizlarni Konstitutsiya kuni bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, shaxsiy va ijtimoiy hayotda katta muvaffaqiyatlar tilayman.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov