Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

Muhtaram hamkasabalar, qadrli ota-onalar, universitetimizning aziz talabalari!

        Barchangizni ulug‘ ayyom kunlarimiz Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Qalbimizdan kaftlarimizga to‘kiladigan duolarimiz ijobat bo‘ladigan kunlardagi ezgu niyatlaringiz, rejalaringizni ro‘yobni ko‘rishingizga tilakdoshman.

Bu yilgi Ramazon hayiti tabiatimizdagi yangilanish, go‘zallikka hamohang kelib ko‘ngillarimizga yorug‘lik, ruhimizga ko‘tarinkilik baxsh etmoqda.

Ruhiy poklanish, savob va ezgu ishlar, mehr-oqibat timsoli bo‘lgan bu nurli va barokatli kunlar biz uchun juda qadrli. Ilm va tarbiya o‘chog‘i bo‘lgan universitetimiz jamoasi Ramazoni sharifda yoshi ulug‘ ustozlarimiz, ehtiyojmand talabalarimizga yanada e’tiborli bo‘lish yo‘lida diydorlashish va yoshi ulug‘larimiz o‘gitlaridan bahramand bo‘lish, yoshlarimizning  qiziqishlari, rejalari ro‘yobi yo‘lida fikrlashish uchun xayrli ishlar harakatida.

Universitetimiz har jihatdan, ayniqsa ilm va fan yo‘lidagi imkoniyatlari nuqtai nazaridan yurtimizdagi yetakchi oliy o‘quv yurti  hisoblanadi.  Jamoa oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan. Universitetimiz bu yil Oliy ta’lim muassasalarining nufuzli xalqaro reytingi hisoblangan Times Higher Educationning impact reytingida o‘rin egalladi.

QS World University  Rankinds da “Predmet (fan) reytingi”da “Matematika” bo‘yicha dunyoning eng kuchli 500 ta universiteti qatoridan munosib joy oldi. Olimlarimizning bu yutuqlari ulug‘ ayyom kunlariga tuhfa bo‘ldi.

Yurtimiz ziyoli yoshlarining asosiy qismi universitetimizda ilm olmoqda. Jamiyatimizning ertangi istiqbolini belgilovchi yoshlarimizning  bag‘rikenglik, mehr-oqibat va insonparvarlik tamoyillarida kamol topishida ustozlarimizning mehnatlari beqiyos.

Hozirgina muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Ramazon hayiti tabriklaridagi: “Hech qachon unutmaylik, dunyodagi o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan eng katta boylik bu – bilim va tarbiyadir”, - degan so‘zlari  yosh avlod tarbiyachilari uchun bosh mezon bo‘lib hisoblanadi.

Bugun dunyoda bo‘layotgan jarayonlardan ham shunday xulosa qilishimiz mumkinki, qadriyatlarga, insoniylikka yo‘g‘irilgan tarbiyada o‘sgan avlodning dunyoqarashi keng, fikri sog‘lom, mushohadasi teran, e’tiqodi kuchli  bo‘ladi. Inson qadriga yetadi. Bugun tinchlikka rahna soluvchi yovuzlikning turli ko‘rinishlarini har xil shaklda hayotimizga kiritishga urinishlar bo‘layotgani sir emas. Ularga sobitqadamlik bilan ma’rifatla kurashmoq mumkin.

 Ulug‘ ayyom kunlarda yorug‘ niyatlar qilamiz. Ilm yo‘lida hamisha kamarbasta bo‘lgan olimlarimiz, bilimga chanqoq, umidlarimiz bo‘lgan yoshlarimiz, ma’rifat uzatish yo‘lidagi ustozlarimiz! Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilalaringizga xotirjamlik, yurtimizga tinchlik, ishlaringizga rivoj tilaymiz! Hayit ayyomingiz muborak bo‘lsin!

Mirzo Ulug‘bek nomidagi

O‘zbekiston Milliy universiteti

rektori

prof. Inom Madjidov