Muhtaram ustozlar va murabbiylar! Qadrli hamkasabalar!

Sizlarni, 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: “Inson tafakkurining quvvati va kengligi avvalo muallim tarbiyasiga bog‘liq” degan so‘zlari sizlarning mashaqqatli, ayni vaqtda olijanob faoliyatingizga berilgan yuksak bahodir.
Haqiqatan ham, biz o‘zimizdagi jamiki yaxshi fazilatlar, hayotda erishayotgan barcha yutuqlarimiz uchun sizlardan toabad minnatdormiz.
Hurmatli ustozlar!
Taʼlim-tarbiya – har qaysi davlat va jamiyat taraqqiyotini hal qiladigan eng muhim va ustuvor masaladir. Shuning uchun mamlakatimizda bu masalaga davlat miqyosida ulkan eʼtibor qaratilmoqda. Yangi O‘zbekistonni yaratish maqsadida barcha sohalar qatori oliy taʼlim tizimida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Bir nechta oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan, universitetimizga ham akademik va moliyaviy mustaqillik berilishi tom maʼnodagi bu islohotlarning izchil davomi hisoblanadi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Milliy universitetida 30 mingdan ortiq talaba-yoshlarga 1500 dan ortiq professor-o‘qituvchilar va pedagog xodimlar taʼlim berib kelmoqda. O‘zbekiston Milliy universiteti QS xalqaro reyting agentligining Matematika sohasi bo‘yicha erishgan natijalari dunyo bo‘yicha kuchli Top 500 talikka kirgani barchani quvontirdi. Times higher education ranking tomonidan 2022-yil uchun eʼlon qilingan Osiyo universitetlari reytingida ham munosib o‘rin egalladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan eʼlon qilingan reytingda ham O‘zbekiston Milliy universiteti eng yuqori natija qayd etgan oliy taʼlim muassasalari qatoridan joy egalladi. Bu yutuqlar siz aziz ustozlarning mehnati mevasidir.
Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbilariga yo'llagan tabriklarida “Bugungi kunda fidoyi ustoz va murabbiylarning ezgu xizmatlari tufayli yoshlarimiz har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetayotgani, fan va texnika, madaniyat va sanʼat, sport sohalarida qanday katta marralarni qo‘lga kiritayotgani barchamizga cheksiz quvonch baxsh etadi”, - deya taʼkidladilar. Bunday eʼtirof biz uchun ham sharaf, ham masʼuliyat.
Bugungi kunda yoshlarni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida, zamonaviy, bilimli, o‘z fikrini mustaqil bayon eta oladigan, intellektual rivojlangan, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatli insonlar etib voyaga yetkazish bizning asosiy vazifamiz hisoblanadi.
Ayniqsa, butun dunyoda murakkab va tahlikali vaziyat hukm surayotgan hozirgi vaqtda yoshlar hayotiga tahdid solayotgan xavf-xatarlarning oldini olish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishda ibratli faoliyatda bo‘lishimiz bizning burchimizdir.
Aziz va muhtaram ustozlar!
Barchangizni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklayman. Yurtimizga tinchlik, oilangizga xotirjamlik, mustahkam sog‘liq, ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, prof. Inom Madjidov