Nafasida so‘zni tutgan shoira bilan uchrashuv


Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Xorijiy filologiya fakultetida zamonamizning qalami o‘tkir, ijodda ham oilada ham birdek mas`uliyatli, jozibali shoira Xosiyat Rustamova hurmatli mehmon bo‘ldilar. Ta’kidlab o‘tish kerakki, X. Rustamova bugungi zamonaviy o‘zbek adabiyotning zabardast shoira va tarjimonlaridan. Xosiyat Rustam 1971-yil Namangan viloyati Chust tumanida dunyoga kelgan. 1993-yil Toshkent Davlat Univeristeti (hozirgi O‘zbekiston Milliy Universiteti)ning Jurnalistika fakultetini tamomlagan. 2003-yil O‘zbekiston Milliy Universitetining O‘zbek filologiya fakulteti qoshidagi Oliy Adabiyot kursida tahsil olgan. 2004-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. Ijodkorning juda ko‘plab asarlari nashrdan chiqqan, jumladan O‘zbekistonda 14ta, xorijda 18 ta va ular 32 tilga tarjima qilingan.
Uchrashuvda fakultet dekani H.M. Bakiyev, jahon adbiyoti o‘qituvchilari, jumladan filologiya fanlari nomzodi dotsent X.Jalilova, jonkuyar va tashabbuskor murabbiylardan H.Qo‘chqorova va boshqa bir qator fakultet ustozlari hamda filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili yo‘nalishining 103-104-105- guruh talabalari ishtirok etdilar.
Adabiy ushrashuv yuksak saviyada o‘tar ekan talabalar nigohida ijodga qiziqish, kelajakka katta umid, ulkan marralarga ishonchni tez ilg‘ash mumkin. Tadbir davomida iste’dodli shoiramiz hayot yo‘llaridagi turli to‘siq va qiyinchiliklar, ularni qanday yengib o‘tgani, erishgan yutuqlari-yu chop etilgan asarlari tarixi va xorijga qilgan ijodiy safarlari haqida o‘zgacha bir zavq-shavq bilan so‘zlab berdilar. Shoira hayot yo‘llari haqida goh quvonch goh ko‘zda yosh bilan hikoya qilar ekan talabalar ijodkorning intiluvchanligi, har qanday vaziyatda ham olg‘a qadam tashlashi, sabr-irodasi uning bugungi yutuqlari uchun pillapoyalar bo‘lib xizmat qilgani anglab yetdilar. Bu esa shakllanib kelayotgan yosh avlodga ibrat, namuna maktabi bo‘lib xizmat qildi va ularni yanada ko‘proq, o‘qib o‘rganish, yangiliklarga intilish, jamiyatda o‘z o‘rnini topish, yurtimiz rivojiga hissa qo‘shadigan shijoatli, bilimli mutaxasis bo‘lib yetishishlarga da’vat bo‘ldi desak adashmaymiz. Fakultet dekani H.M. Bakiyev ham o‘z nutqida X. Rustamovaning ham shoira ham tarjimon sifatida tanilgani to‘g‘risida iliq fikrlar bildirib talaba yoshlarni ulardan o‘rnak olishga, hamisha yuqori cho‘qqilarga intilishga undadilar. Shuningdek, talabalar o‘zlari qiziqtirgan savollar bilan shoiraga murojaat qilib ko‘ngillaridagi savollarga javob topdilar.
Tadbir davomida talabalar Xosiyat Rustamning yuraklariga kirib borib ajib bir zavq baxsh etgan ijod durdonlaridan namunalar o‘qib berdilar. Talabalar yod olgan she’rlarini o‘zgacha bir ruh bilan, qalbdan chiqqan otashin nafas bilan, chuqur mulohaza va keng mushohada bilan o‘qib berdilar va yana qayta she’rlarga jon kirgizib ularni yurakka yanada yaqin qildilar. Mushoirani X. Jalilova va H. Qo‘chqorovalar davom ettirdilar va shoira bilan bo‘lgan samimiy munosabatlari haqida mamnuniyat bilan hikoya qildilar. Va albatta bunday betakror ajoyib kechaning tashkilotchisi fakultetning tashabbuskor o‘qituvchilaridan bo‘lgan K.B. Yusupova ham shoiraning ijod va oilada ham havas qilarli namuna ekanligi to‘g‘risida o‘z nutqida ta’kidlab o‘tdilar. Shu bilan birga ushbu tadbirni tashkil etishdan maqsad talaba yoshlarni ijodga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, zamondosh ijodkorlar bilan jonli davra suhbati orqali ular bilan fikr almashib bilimlarini boyitish, adabiy saviyalarini oshirish, adabiyot sohasidan ong va didni yuksaltirish va boshqa bir qator tarbiyaviy ahamiyatga molik jihatlarini yoshlar ongiga singdirish ekanligi haqida bot-bot takrorlab o‘tildi.
Tadbir yakunida shoiramizning tashrifidan go‘yat xursand bo‘lgan talabalar ijodkorga va ustozlariga minnatdorchilik bildirdilar. Mehmonga esdalik sovg‘alar hadya etildi. Shoira ham o‘z kitoblaridan sovg‘a qildi. Bunday unutilmas, hissiyotlarga boy uchrashuvni nafaqat sur’atlarga balki xotira va qalblarining to‘riga muhrladilar. Barchaning ko‘zlarida quvonch, mamnuniyat kelgusi davra suhbatlariga intizorlik bilan mehmonni kuzatib qo‘ydilar. Ta’kidlash joizki, Yusupova Kandilat Begijanovnaning tashkil etgan bunday adabiy kechasi barcha uchun birdek esda qolarli damlarni hadya etib qalblarni yaqinlashtirdi va tahsinga sazovor bo‘ldi.
O`zMU Axborot xizmati