OʻZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA ESSELAR TANLOVINING TOSHKENT SHAHAR BOSQICHI BOʻLIB OʻTDI



Maʼlumki, talabalarning ona Vatanga sadoqat va hurmat ruhida tarbiyalash hamda oʻz sohasida yetuk mutaxassis kadr boʻlishida maʼnaviy-maʼrifiy dunyoqarashini shakllantirish muhim vazifalardan hisoblanadi. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Kasaba uyushmalari federatsiyasi ijroiya qoʻmitasi, Oliy va o'rta maxsus taʼlim vazirligi, Respublika Maʼnaviy va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Oʻzbekiston Teleradio kompaniyasi, Yoshlar ishlari agentligi hamkorlikda bakalavriat bosqichi talabalari uchun Respublika miqyosida esselar tanlovini eʼlon qildi. Xususan, bugun Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida "Yangi Oʻzbekistonni oʻzimiz, oʻz qoʻllarimiz bilan bunyod etamiz" shiori ostida oʻtkazilayotgan Respublika esselar tanlovining Toshkent shahar bosqichi boʻlib oʻtdi.
Mazkur tanlovda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan davlat va xususiy 45 ta oliy taʼlim muassasalaridan 3 nafardan, jami 135 nafar talabalar ishtirok etdi. Tanlovni tashkil etish hamda adolatli oʻtishini taʼminlash maqsadida mas'ul tashkilotlardan xodimlar biriktirildi. Ikki yarim soat davomida oʻtkazilishi rejalashtirilgan tanlovda ishtirokchilar "Yangi Oʻzbekiston mening tasavvurimda" mavzusida yozma tarzda oʻz fikr-mulohazalarini bayon etdi. Mazkur bosqichda topshirilgan ijodiy ishlar koʻrib chiqilib, gʻoliblarni 19-may kuni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.
Bugun boʻlib oʻtgan tanlovning Toshkent shahar bosqichida Oʻzbekiston Milliy universitetidan Habibullayeva Durdona, Mahmudova Pokiza, Abdujalilova Xonzoda hamda Nuratdinova Feruzalar faol ishtirok etdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, tanlov 4 bosqichda tashkil etildi hamda har bir bosqichda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 3 nafar talaba universitet maʼmuriyati tomonidan maxsus diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishi tanlov nizomida koʻzda tutilgan.
Shuningdek, respublikamizning barcha viloyatlarida OTMlar oʻrtasida ushbu tanlovning hududiy bosqichlari boʻlib oʻtmoqda.


O`zMU Axborot xizmati