Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti OʻzMU talabalariga yuksak unvon va medallarni topshirdi

Bugun, 30-avgust kuni Ko‘ksaroyda mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi arafasida 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida gʻolib boʻlgan chempion yigitlarimizga “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni, olimpiadada munosib ishtirok etgan qizlarimizga “Kelajak bunyodkori” medali hamda terma jamoamiz murabbiylariga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvonini topshirish marosimi bo‘lib oʻtdi.


Mustaqilligimizning 31 yilligi munosabati bilan mukofotlangan o‘zbekistonliklarni taqdirlash marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev Butunjahon shaxmat olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘zbekistonlik shaxmatchilar haqida gapirdi.
“Hindistonda shaxmat bo‘yicha bo‘lib o‘tgan olimpiadada ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasining yigitlari musobaqa chempioni bo‘lgani so‘nggi yillarda yoshlarimizga berilayotgan e’tiborning mevasi. Qizlarimiz ham musobaqada anchagina faol ishtirok etishganini aytib o‘tish zarur.
Bundan tashqari, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining O‘zbekistonda o‘tkazilishi ham sportga qaratayotgan e’tiborimizning natijasidir. Dunyo bizni shaxmatda tan olayotganini ham aytib o‘tish darkor”, dedi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlarni Mustaqillik bayrami va mukofotlar bilan tabriklab, ezgu tilaklar bildirdi.
– Davlatimizning oliy mukofotlarini siz, azizlarga topshirish men uchun ham katta sharaf. Fursatdan foydalanib, barchangizni, joylarda mukofotlarni qabul qilib olayotgan yurtdoshlarimizni chin yurakdan tabriklayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shundan so‘ng, davlatimiz rahbari mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi. Mukofotlanganlar orasida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakulteti talabalari Nodirbek Yakubboyev hamda Nilufar Yakubboyevalar borligi biz uchun quvonarli.
– Har qanday mukofot bu avvalo, el-yurt eʼtirofi, Vatan ishonchidir. Bugun ko‘ksingizda yaraqlab turgan orden va medallar barchangizga buyursin, sizlarni yangi yutuq va marralarga chorlasin. Ilohim, mana shunday xursandchilik kunlarimiz ko‘p bo‘lsin! Yurtimiz tinch, osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin, – deya tilak bildirdi Prezidentimiz.
Mukofotlanganlar yuksak eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

OʻzMU Axborot xizmati