O`zMU Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo`yicha prorektori Rossiya Federasiyasining Qozon Federal universitetida qisqa muddatli stajirovka o`tamoqda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 2021-yil 16-dekabrdagi 2020-son bayoni va 2021-yil 19-maydagi 08/1-822-son topshirig‘iga muvofiq, Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan O‘zbekistondagi 10 ta OTM Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlari, jumladan, OʻzMU Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Hikmat Saburov 2022-yilning 8-22 iyun kunlari Rossiya Federasiyasining Qozon Federal universitetiga qisqa muddatli stajirovkaga yuborildi.

Ikki haftaga mo‘ljallangan qisqa muddatli dastur davomida OTM prorektorlarining “Intellektual faoliyat natijalarini tijoratlashtirish” bo‘yicha nazariy va amaliy tajribalarni o‘rganishlari nazarda tutilgan.
Stajirovka ikki qismdan, ya’ni modul mashg‘ulotlari bo‘yicha taqdimotlar hamda amaliy tajribalar bilan tanishishdan iborat. Jumladan, hozirgi kunga qadar prorektorlar “Muvaffaqiyatli loyihaga 24 qadam”, “Ta’lim jarayonlarini raqamli o‘zgartirish: amaliyot, amaliyot va talabalarni ish bilan ta’minlashni tashkil etish xizmatini yaratish”, “Ta’lim jarayonlarining raqamli transformatsiyasi: universitetda loyiha jamoasini boshqarish uchun sun’iy intellektdan foydalanish”, “Tezlashtirish (akselerasiya) vositalari (+amaliyot)”, “Loyihada audit va inson resurslarini boshqarish (+amaliyot)”, “Intellektual mulk yaratish va targ‘ib qilish vositalari + amaliyot” modullari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlarni Qozon Federal universiteti Innovatsiyalarni rivojlantirish departamenti Texnologiyalar transferi va tijoratlashtirish boshqarmasi rahbarlari va boshqa tajribali mas’ul xodimlari olib bormoqda.

Ikkinchi yo‘nalishda prorektorlar Qozon Federal universiteti tarkibidagi institutlar, ilmiy markazlar va laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Xususan, V.P. Engelgardt nomidagi astronomik observatoriyaga (planetarium) faoliyati bilan tanishdilar. Astronomik observatoriyada tinglovchilar Qozon Federal universiteti tomonidan amalga oshirilgan astronomik tadqiqotlar, ularning natijalari bilan tanishtirildi.
Shuningdek, tinglovchilar Qozon Federal universitetining Raqamli transformatsiyalar markazi, fizika institutidagi RIKEN, fizika hamda radiofizika laboratoriyalari, Ekologiya va tabiatdan foydalanish instituti va uning tarkibidagi ilmiy laboratoriyalar, Geologiya va neftegaz instituti, Fundamental tibbiyot va biologiya instituti, Aniq va regenerativ ilmiy-klinik markaz, simulyasiya markazi, dental fantom sinfi, anatomiya muzeylariga tashrif buyurib, u yerdagi tajribalarni o‘rgandilar.




Prorektorlarning Qozon Federal universiteti tarkibidagi xalqaro aloqalar institutiga tashrifi davomida institut rahbariyati bilan birga O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsuli Nasriyev Fariddin Badriddinovich ham qatnashdi. Uchrashuvda Bosh konsul O‘zbekiston – Tatariston aloqalari, xususan, ta’lim sohasidagi islohotlar haqida axborot berdi.
O‘zbekistonlik prorektorlar Ijtimoiy-falsafa fanlari va ommaviy kommunikasiyalar instituti, Filologiya va madaniyatlararo aloqalar instituti, Psixologiya va ta’lim institutlarida bo‘lib, u yerdagi ilm-fan sohasidagi faoliyat, loyihalar va erishilgan natijalar bilan yaqindan tanishdilar.
Bundan tashqari, tinglovchilar Qozon shahridagi milliy urf-odatlar, an’analar, joriy yilning 12-iyun kuni o‘tkazilgan “Rossiya kuni” tadbirlariga guvoh bo‘ldilar.
Ayni damda prorektorlarning stajirovkasi davom etmoqda.
OʻzMU Axborot xizmati