OʻZMU REKTORI SARDOBADAGI MAKTABLARNI KOʻZDAN KECHIRDI

Mamlakat kelajagi, barcha sohalar va loyihalar muvaffaqiyati bilimli insonlarga bog‘liq. Shu bois oxirgi to‘rt yilda ta’lim sifatini yaxshilash, o‘qituvchilar mavqeini yuksaltirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Endi mamlakatimiz yangi davrga qadam qo‘ymoqda. O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish aynan ta’lim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan. Bu haqida prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 28-yanvardagi videoselektor yigʻilishida aytib oʻtdi. Shuningdek, maktabda taʼlimni nazoratga olish haqida, maktablarni yaxshilash faqat Xalq ta’limi vazirligining emas, balki barcha vazirlik va idoralar, hokimliklar, ilmiy tashkilotlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning vazifasi bo‘lishi kerakligini taʼkidlagan edi davlatimiz rahbari. Belgilangan mazkur vazifalarni ijrosini taʼminlash hamda maktab taʼlimini yanada samaradorligini oshirish maqsadida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov dastlab Sirdaryo viloyati Sardoba tumani hokimiyatiga tashrif buyurdi. Tashrif jarayonida tuman masʼullari hamda O’zMU Iqtisodiyot, Ijtimoiy fanlar, Tarix va Matematika fakultetlarining dekan o’rinbosarlari, shuningdek, tuman hokimi o’rinbosari Zafar Musurmonqulov, Xalq ta’lim bo’limi mudiri Rashid Berkinovlar va maktab direktorlari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Mazkur yigʻilishda Prezidentimizning videoselektorda berilgan topshiriqlariga binoan maktablarda taʼlim tizimi hamda pedagogik faoliyatini o’rganish, shu bilan birga metodik yordam berish masalasi koʼrib chiqildi. Shu jumladan, universitetga biriktirilgan maktablarda professor-oʻqituvchilar tomonidan 1-haftalik tanishuv dars mashgʻulotlari tashkil etilishi rejalashtirildi. Yigʻilish yakunida rektor boshchiligida proffesor-oʻqituvchilar hamda Sardoba tumani Xalq taʼlimi boshqarmasi vakillari 12-sonli umumta’lim maktabiga tashrif buyurdi. Xususan, maktab direktori bugungi kunda maktab faoliyati va yaratilgan shart-sharoitlar bilan tashrif buyurgan mehmonlarni birma-bir tanishtirdi. Shuningdek, kelgusida maktab va universitetning hamkorlik aloqalari toʻgʻrisida takliflar muhokama qilindi. Sardoba tumanidagi 12-sonli maktab imkoniyatlari bilan yanada yaqindan tanishish hamda oʻquvchilarga Mirzo Ulug’bek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti haqida batafsil maʼlumotlar berish maqsadida davra suhbati tashkil etildi. Suhbat jarayonida maktab oʻquvchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishi bilan birga tegishli takliflar berish imkoniyatiga ham ega boʻldi. O’zMU rektori Inom Madjidov boshchiligidagi proffesor-oʻqituvchilar Sardoba tumanidagi musiqa maktabida o’tkazilayotgan ma’naviy ma’rifiy tadbirda ishtirok etdi. Shuningdek, mazkur tadbirda O’zMUning Kasaba uyushmasi raisi Olim Xudoynazarov tomonidan QVZ jamoasi ham taklif etilib, tuman yoshlarini kayfiyatini yanada ko’tarish maqsadida QVZ jamoasini badiiy chiqishlari namoyish etildi.
Uchrashuv yakunida O’zMU rektori, universitetning mas’ul xodimlari hamda professor-o’qituvchilari Sardoba tumani Xalq ta’lim bo’limi va maktab direktorlari bilan hamkorlik rejasi ishlab chiqilishi, jumladan, bir qancha ma'naviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishi kelishib olindi.



O’zMU Axborot xizmati