OʻzMU talabalari Olma-Ota shahridagi yozgi maktabda faol ishtirok etishdi

Joriy yilning 11-20 iyul kunlari Qozog'istonning Olma-Ota shahridagi Qozoq-German Universitetida “Green Central Asia” dasturi doirasida “8-Green Summer School” bo'lib o'tdi. Unda O'rta Osiyo mamlakatlari - Qozog'iston(3 nafar), Qirg'iziston(3 nafar), Tojikiston(4 nafar), O'zbekiston(3 nafar), Afg'oniston(6 nafar) jami 19 nafar yosh ilmiy izlanuvchilar "Suv va yer resurslarini boshqarish bo'yicha ilmiy bilimlarni Markaziy Osiyoda sohada qarorlar qabul qilish bilan bog'lash" mavzusida o'z bilimlarini oshirdilar. Jumladan, O'zbekiston Milliy universitetidan Gidrometeorologiya fakulteti magistrant bitiruvchisi - Darxon Yarashev va 3-kurs talabasi Farruh Imomnazarovlar faol ishtirоk etishdi.


Ushbu yozgi maktabda Germaniyaning GFZ Potsdam, PIK Potsdam, University of Halle universitetlarining yetakchi mutaxassislari yer va suv resurslarini tadqiq etish bo'yicha ma'ruzalar, amaliy mashg'ulotlar olib bordi. Ishtirokchilar MODSNOW, R studio, QGIS, WUEMoCA, GEE, Jupyter Notebook, SNAP kabi dasturlarda ma'lumotlarni qayta ishlash bo'yicha dastlabki ko'nikmalarga ega bo'ldilar. Yozgi maktabning oxirgi kunlarida qatnashchilar guruhlarga bo'lingan holda iqlim o'zgarishi bilan bog'liq muammolar va bu bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqish bo'yicha bellashdilar.


Dam olish kunlarini mazmunli o'tkazish maqsadida shahar yaqinidagi tog' yonbag'irlarida dengiz sathidan 2200 m balandlikda joylashgan Butakovka sharsharasiga ekotur uyushtirildi.
Yozgi maktab yakunida ishtirokchilar sertifikatlar bilan taqdirlandilar.
OʻzMU Axborot xizmati