OʻzMUda “Markaziy Osiyo etnologiyasi: an’ana va innovatsiyalar” mavzuidagi Respublika ilmiy- amaliy anjuman oʻtkazildi

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida Tarix fakulteti “Antropologiya va etnologiya” kafedrasi tomonidan “Markaziy Osiyo etnologiyasi: an’ana va innovatsiyalar” mavzuidagi Respublika ilmiy- amaliy anjumani bo'lib o'tdi. Anjumanni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo`yicha prorektor Hikmat Saburov ochib berib, konferensiya ishiga omad tiladi.
Anjumanda respublikada faoliyat olib borayotgan etnologiya sohasi mutaxassislari, olimlar, fan nomzodlari, doktarant, magistrant va talabalar ishtirok etdi. Mazkur konferensiya Markaziy Osiyoda millatlararo munosabatlar, Oʻzbekistonda etnologiya va antropologiyaning fan sifatida shakllanishiga bag‘ishlangan tadqiqot tajribalari, dolzarb muammolari va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilishni o’z oldiga maqsad qilib olgan. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar borasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, iqtidorli yosh olimlarni o‘zaro almashinuv doirasida istiqbolli yo‘nalishlarga jalb qilish, shu bilan birgalikda Markaziy Osiyo etnologiyasi muammolariga xalqaro miqyosda yechim topish masalalari muhokama etilishi ko’zda tutilgan.


Ilmiy-amaliy anjuman davomida OʻzR FA Tarix instituti Etnologiya va antropologiya markazi rahbari, professor Adhamjon Ashirovning “Oʻzbekistonda fanning holati va rivojlanishi haqida ayrim mulohazalar”, OʻzMU professori Rustam Sulaymonovning “Markaziy Osiyoda ibtidoiy va qadimgi davrda kechgan etnik jarayonlar”, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi markaz rahbari Saodat Davlatovaning “Oʻzbekistonda millatlararo munosabatlar: tadqiqotlar va oʻrganish muammolari”, OʻzMU dotsenti Barno Ubaydullayevaning “Oʻzbekistonda etnologiya va antropologiyaning fan sifatida shakllanishida professor Tursun Salimovning oʻrni” mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.

OʻzMU Axborot xizmati