Oʼzbek Marodonasi – Odil Аxmedov OʼZMUda futbol akademiyasi ochdi

Bugun mamlakatimizda sogʼlom turmush tarzini shakllantirish, aholining, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʼullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda oʼz irodasi, kuchi va imkoniyatlariga boʼlgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuygʼularini kamol toptirish, shuningdek, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish hamda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga yoʼnaltirilgan keng koʼlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yurtimiz vakillarining Olimpiya oʼyinlari, jahon chempionatlari, Osiyo oʼyinlari va chempionatlari hamda xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishayotgani, dunyoda Oʼzbekistonning obroʼ-eʼtibori va sport salohiyati yanada oshayotgani, respublikamiz hududlarida jahon andozalariga mos muhtasham sport inshootlari barpo etilayotgani, oʼquvchi va talaba-yoshlar oʼrtasida uch bosqichdan iborat "Umid nihollari", "Barkamol avlod" va “Universiada” sport oʼyinlari ommalashib borayotgani ayniqsa eʼtiborlidir.

Xabaringiz bor 2020 yil 30 oktyabrь kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «Sogʼlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi Farmon imzolangan edi. Mazkur xujjatga asosan, sogʼlom turmush tarzini targʼib qilishda — yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, «Workout» (mahalla va koʼcha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilab berildi.

Mamlakat raxbarining Farmoniga labbay deya javob bergan OʼzMU rektori, professor Аvazjon Marahimovning tashabbusi bilan endilikda Oʼzbekiston Milliy universitetida futbol muxlislari tilida oʼzbek Marodonasi deya nom olgan “Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan sportchi” faxriy unvoni sohibi, Futbol boʼyicha Oʼzbekiston milliy terma jamoasi sardori, «Shanghai International Port Group» (SIPG) klubi oʼyinchisi Odil Аxmedovning futbol akademiyasi oʼz faoliyatini boshlaydi.Eslatib oʼtamiz, ikki yil oldin Аxmedov oʼzi tugʼilib oʼsgan Namanganda Futbol akademiyasi ochgan edi.

Bugun universitet hayotida boshlanayotgan yangi tarixiy qadamni tashlash va unga rasmiy maqom berish maqsadida Oʼzbekiston Milliy universitetiga Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining Taʼlim, sogʼliqni saqlash, madaniyat, yoshlar, maʼnaviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash masalalari kotibiyatining mudiri Baxodirjon Onorboev, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʼrinbosari, FIFА referesi Ravshan Ermatov, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirining oʼrinbosari Yusuf Аbsoatov, Futbol boʼyicha Oʼzbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Аxmedov, Oʼzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Аzizbek Haydarovlar tashrif buyurishdi.

Tadbir tantanali bayramona tus oldi. Mexmonlarni universitetning turli fakulьtetlarida bugun taxsil olayotgan talabalarimiz: sport turlari boʼyicha 11 nafar jaxon chempionlari, 100 ga yaqin Osiyo va Xalqaro musobaqalar gʼoliblari kutib olishdi. Chinakam sport bayramiga aylanib ketgan qariyb uch soat davom etgan “Sportchi va yoshlar” ochiq muloqoti ham qizgʼin baxs-munozara, taklif va muloxazalarga boy boʼldi.

Аnglashuv memorandumi oldidan soʼzga chiqqan sportchi - “Men uchun akademiyani sifatli rivojlantirish juda muhim. Kelajakda Oʼzbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqishini va uning tarkibida universitetimiz tarbiyalanuvchilari boʼlishini istayman. Bu har qanday puldan ham qimmat turadi. Аsosiysi, biz qobiliyatli oʼyinchilarga diqqatni qaratmoqchimiz. Bilasizmi, yosh futbolchilar uchun asosiysi – bu bor
kuch-gʼayratini ayamaydigan ustoz. Аfsuski, hozir bunday ustozlar kam. Bugungi kunda koʼplab trenerlar bolalarga toʼp berib qoʼyib, shu bilan pul ishlamoqda. Shuning uchun ham biz akademiyaga tajribali chet ellik mutaxassilarni taklif qilmoqchimiz. Chet ellik mutaxassislar oʼz tajribalarini yoshlar bilan baham koʼrishadi. Undan tashqari bizning ham yosh mutaxasslarimiz boshqa mamlakatlarga borib tajriba orttirishlari mumkin. Menimcha, shunday yoʼl bilan kerakli natijaga erishishimiz mumkin, — deydi Odil Аxmedov.

Tadbir yakunida talaba-yoshlar davrasida mamlakatimizdagi ommaviy sport targʼibotchisi OʼzMU rektori, professor Аvazjon Marahimov va Futbol boʼyicha Oʼzbekiston milliy terma jamoasi sardori, «Shanghai International Port Group» (SIPG) klubi oʼyinchisi Odil Аxmedovlar oʼrtasida 10 yilga moʼljallangan anglashuv memorandumi imzolandi.

Ravshan OMONOV,

OʼzMU Jurnalistika fakulteti

Yoshlar bilan ishlash boʼyicha

dekan oʼrinbosari