Oʼzbekiston Milliy Universitetida Oʼzbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi Boshqaruvining navbatdagi majlisi boʼlib oʼtdi

Bugun Oʼzbekiston Milliy Universitetida Oʼzbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi Boshqaruvining navbatdagi majlisi boʼlib oʼtdi. Tadbirda respublikamizning nufuzli Oliy taʼlim muassasalari, Fanlar Аkademiyasidan vakillar, olima-professorlar, doktorant va magistr qizlar ishtirok etdi. Tadbir davomida mamlakatimizni rivojlantirishda xotin-qizlarning oʼrnini mustahkamlash, ayollar taʼlimini rivojlantirish va jamiyatning turli sohalarida gender tengligini taʼminlash, olima ayollarning xalqaro nufuzli tanlovlarda ishtirok etishiga koʼmaklashish masalalari muhokama qilindi.
Majlisni Oʼzbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi raisi professor Rahbarxon Murtazaeva kirish soʼzi bilan ochib, barcha Boshqaruv aʼzolarini bugungi tadbirda faol boʼlishlarini taʼkidladi hamda xotin-qizlarning jamiyatimizdagi bugungi kundagi oʼrni, ularga boʼlayotgan davlat eʼtibori takomillashib borayotganligini eʼtirof etdi. Shundan soʼng, OʼzMU Biologiya fakulьteti professori, qishloq xoʼjaligi fanlari doktori, OWSDning Markaziy Osiyodagi rahbari Dilfuza Egamberdieva Markaziy Osiyo va Oʼzbekistonda OWSDning boʼlimlarini tashkil etilishi, xotin-qizlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirishga bugungi kunda nufuzli tashkilotlarni eʼtibori, bu borada OWSDning faoliyati, xotin-qizlarga ajratilayotgan grantlar xususida toʼxtalib oʼtib, mazkur imkoniyatlardan respublikamiz xotin-qizlar, ayollar, ishtirok etishda faol boʼlishini soʼradi.
“Olima” uyushmasining saytini yaratish xususida OʼzMU xalqaro aloqalar boʼyicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Raima Shirinova tanishtirib oʼtdi. Saytni yuritish borasida amalga oshirilgan ishlar toʼgʼrisida oʼzaro fikrlar almashildi.
Uyushma huzuridagi “Yoshlar akademiyasi” raisi professor Saida Beknazarova “Yoshlar akademiyasi” faoliti, oʼquv-uslubiy ishlarda raqamli texnologiyalarni qoʼllash borasida oʼtkazilayotgan ilmiy seminarlar tashkil etish, ishlari kundan-kun rivojlanib borayotgani haqida maʼruza qildi. Tadbir oflayn hamda onlayn shaklda oʼtkazdirilib, unda 100 dan ortiq mamlakatimizdagi olima ayollar, Boshqaruv aʼzolari, uning respublikamiz viloyatlardagi boʼlimlari, Oliy oʼquv yurtlari vakillari, shuningdek, yosh olimalar, doktorant, magistrlar qatnashishdi.




Xalqaro aloqalar bo'limi