OʼzMUga xush kelibsiz Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining talabalikka qabul boʼyicha granti sovrindori


Bugun 21-sonli Mehribonlik uyiga Oʼzbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, Oʼzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori Ibroxim Yuldashev, Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʼmondoni, general-mayor Rustam Joʼraev, Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʼmondonining oʼrinbosari polkovnik Mamirjon Ganievlar tashrif buyurdi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining talabalikka qabul boʼyicha granti sovrindori Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Novoselova Milena Аlekseevna Oʼzbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulьteti Psixologiya: amaliy psixologiya yoʼnalishiga grant asosida oʼqishga qabul qilindi.

“Kecha hurmatli Prezidentimiz bu yerga tashrif buyurganlaridan keyin qancha hali koʼp masalalar yechilishi kerak, qancha vazifalar borligini shu yerni oʼzida bolalarning koʼzidan koʼrinib turganini, shu yerdagi yoshlarimizni voyaga yetkazish uchun bu ertangi mehnatga oʼrgatish, bu ertangi bilimga oʼrgatish, u kelajakni koʼra bilishi, kelajakka ishonishi, mana shu vatanda, shu yurtda kim qaraydigan, kim ardoqlaydigan, kim tarbiyalaydigan, bilimini berib, ertaga mehnatini oʼylaydigan davlat borligini, Prezident borligini – buni hammasini his qiladigan qilib tarbiyalash, qolaversa ertaga vatanparvarlik hissi mutlaqo bir yangi yoʼnalishdagi tarbiya tizimi kerak boʼlishini taʼkidlab oʼtdilar. Shuning uchun ham Prezidentimiz koʼp idoralarni, taʼlim muassasalarni shu yoʼlga, shu vazifalarga chaqiryaptilar. Mana kuni kecha bu yerda bitiruvchilarni hattoki qaerga oliy oʼquv yurtlariga joylashishi boʼyicha yechim berib grant ajratdilar. Men hayron qolganim, bu grantlarni bittasi mana madaniyat sohasi, bittasi taʼlim sohasida. Oʼzlari xohlagan - Milena oʼzi aytgan. Men ularning oliy oʼquv yurtiga elektron bergan arizasini koʼrib chiqdim. Milena 5 ta oliy oʼquv yurtiga hammasiga psixologiya yoʼnalishini koʼrsatgan. Bizning universitetda amaliy psixologiya bor. Mana shu yoʼnalishda ham psixolog mutaxassisi, ham pedagog mutaxassisi kadrlar tayyorlanadi. Prezidentimizning sizga shaxsan talabalikka qabul boʼyicha ajratilgan grant bilan sizni tabriklayman. Bizning talaba boʼlganingiz bilan tabriklayman. Milena kechadan boshlab bizning talabamiz! Talabalik guvohnomasi bilan endi universitet har qaysi xonasiga, har qaysi kafedrasiga, axborot resurs markaziga bugundan kelishingiz mumkin. Universitetga xush kelibsiz!”, deydi OʼzMU rektori Inom Madjidov.

Tadbir yakunida OʼzMU rektori Inom Madjidov Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining talabalikka qabul boʼyicha granti sovrindoriga sertifikat, talabalik guvohnomasi, elektron bazalardan foydalanish uchun planshet va kitoblar sovgʼa qildi.

OʼzMU Аxborot xizmati