«O‘zbek tili tadqiqi va taʼlimi muammolari» mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi

Til insonning ongu shuuriga, qalbiga Ona tili ona allasi bilan kiradi. Bu esa kishiga eng shirin, eng aziz damlarini yodiga soladi. Shuning uchun ham tilni millatning g‘ururi, iftixori deya bejizga aytishmagan. Yurtimizda ham so‘nggi yillarda O‘zbek tilini qadrini ko‘tarishga alohida eʼtibor berilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi "O‘zbek tilining davlat tili sifatida nufuzi va mavqeinini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asnosida 2020-2030 yillar ichida O‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda davlat dasturi belgilab berilgan edi. Dastur ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Milliy universitetida o‘tkazilgan konferensiyada mana shu masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Qozon federal universiteti, Anqara universiteti, Niyda Omar Holisdemir universiteti va Asmirus ilmiy anjumanlarni qo‘llab-quvvatlash markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan "O‘zbek tili tadqiqi va taʼlimi muammolari" mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda universitet oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Shuhrat Toshmatov, Jurnalistika fakulteti professor-oʻqituvchilari, Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti professori, Dr. Raushangul Avakova, Qozon Federal universiteti professori, Dr. Alfiya Yusupova, L.N.Gumilev nomidagi Yevrosiyo Milliy universiteti professori, Dr. Qarlig‘ash Serekenova, Niyda Holisdemir universiteti professori, Dr. Hikmat Korash, Anqara universiteti professori, Dr. Aynur O‘z O‘zjan hamda fakultet talaba-yoshlari ishtirok etdi. Anjumanda so‘z olganlar millatimiz fitratiga jon qadar singib ketgan ona tiliga bo‘lgan eʼtiborni kuchaytirish, uning kelgusidagi rivojida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Shuningdek, bu kabi oʻtkazilayotgan xalqaro konferensiyaning yurtimizda o‘sib kelayotgan yosh kadrlarning o‘z ona tiliga bo‘lgan mehr-muhabbati, eʼtiborini kuchaytirishga xizmat qiladi. Mazkur konferensiya faoliyatini 5 shoʻba asosida olib bordi. Anjuman davomida xorijiy va milliy professor-oʻqituvchilarning Turkiy tillar va til ta’limi masalasi, hozirgi o‘zbek tilining unlilar tizimi, intervyuda diskurs tushunchasiga oid ma’ruzalari tinglandi.





O`zMU Axborot xizmati