Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti 105 yoshda!

O’zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti talaba-yoshlari uchun fakultetning telegramdagi rasmiy guruhida videochat tashkil etildi.

Talabalarning ta’til vaqtini mazmunli va maroqli o‘tkazishlarini tashkil etish muhim vazifalardan hisoblanadi. O‘tgan o‘quv yili davomida egallangan bilim, ko‘nikma va malakalar sarhisobidan so‘ng hamda yangi o‘quv yili oldidan mazmunli dam olish, o‘zlarida turli yangi ko‘nikmalarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti talaba-yoshlari uchun fakultetning telegramdagi rasmiy guruhida videochat tashkil etildi.

Suhbatni fakultetning yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Ravshan Jo‘rayev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Davlatimiz rahbarining Yoshlar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiridagi ma’ruzasidan o‘rin olgan eng muhim fikr va tashabbuslar yana bir bor yoshlarga yetkazildi. R.Jo‘rayev talaba-yoshlarni yozgi ta’til davomida “Mutolaadan mushohada sari” shiori ostida o‘zbek adabiyotining tarixiy mavzuda yartilgan durdona asarlarini mutolaa qilib, tarixiy dunyoqarashlarini boyitishga chaqirdi. Shu maqsadda tarixiy mavzuda yaratilgan o‘ttizta badiiy asarning ro‘yxati mutolaa uchun taqdim etildi.

So‘ngra so‘z navbati O‘zbekiston Milliy universiteti profilaktika katta inspektori podpolkovnik Alisher Aldulxaqovga berildi. A.Abdulxaqov o‘z nutqi davomida tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish zarurligi, turli provakatsion va qabih fitnalarga uchmaslik lozimligi, qonunga qarshi har qanday xatti-harakat uchun jazo muqarrar ekanligini tushuntirib o‘tdi. Shuningdek, bugungi kunda internet orqali amalga oshirilayotgan qallobliklar, trolling, jahon axborot tarmog‘idagi turli g‘arazli axborotlar ta’siriga tushib qolmaslik zarurligi ta’kidlandi. Talabalar tomonidan berilgan savollarga javob berildi. 

Shundan so‘ng talaba-yoshlar so‘zga chiqishib, o‘zlarining yozgi ta’tildagi rejalari, maqsadlari haqida so‘zlab berdilar. Fakultet tyutorlari tomonidan talabalarning yozgi ta’tilni mazmunli va maroqli o‘tkazishlari, o‘z ustilarida yanada yaxshiroq ishlashlari uchun zaruriy tavsiyalar berildi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda bir million mahalliy dasturchini tayyorlash boʻyicha “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi, oʻzbekcha Vikipediyadagi kontentni yaxshilashga qaratilgan “WikiStipendiya” loyihasi va boshqa loyihalar haqida ma’lumot berildi. Yozgi ta’til davomida mana shunday loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirildi.