O’zbekiston Milliy Universiteti World’s Universities with Real Impact (WURI) da Top 50-universitetlar qatoridan joy oldi

10-iyun kuni “World’s Universities with Real Impact” (WURI) xalqaro reytingining 2022 yil uchun natijalari e'lon qilindi. Bu yil ushbu reytingda 500 ga yaqin universitetlar ishtirok etgan bo’lib, 724 ta innovatsion loyihalar ko’rib chiqilgan. “World’s Universities with Real Impact” (WURI) xalqaro reytingi AQSh, Osiyo, Yevropa va Afrika davlatlaring eng nufuzli universitetlari tomonidan tashkil etilgan global reyting hisoblanadi. Ushbu reytingni tuzishda asosiy rahbarlar 10 ta universitet (Xanze universiteti (Niderlandiya), Beijing biznes va texnologiyalari universiteti (Xitoy), Belgorod milliy tadqiqot universiteti (Rossiya), Bremen amaliy fanlar universiteti (Germaniya), Incheon Milliy universiteti (Janubiy Koreya), Shimoliy Arizona universiteti (AQSh), Tamper ilmiy fanlar universiteti (Finlandiya)) bo‘lib, ular asosan jahon universitetlaridagi eng sifatli va foydali bo‘lgan ilmiy-innovatsion loyihalar soni va ularning jamiyat hamda oliy ta'lim muassasaslariga ta'sirini baholab beruvchi tashkilot hisoblanadi. WURI reytingi universitetlarni 6 ta yo‘nalish bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyihalar orqali baholaydi.

Bular:
1. Sanoat dasturlari
2. Yangi startap dasturlari va tadbirkorlik
3. Axloqiy qadriyatlar
4. Talabalarning harakatchanligi va faolligi
5. Inqirozni boshqarish
6. To'rtinchi sanoat inqilobi
Reyting natijalariga ko‘ra, O’zbekiston Milliy Universiteti Fourth Industrial Revolution yo’nalishi bo’yicha 38-o’rinni egallab, TOP-50 talik ro’yxatga kiritildi.
Ma’lumot uchun: mazkur reytingda O’zbekiston Respublikasidan ikkita universitet ya’ni O’zbekiston Milliy Universiteti hamda Toshkent Davlat Yuridik Universiteti o’rin egalladi.WURI 2022 reytingida Fourth Industrial Revolution yo’nalishi bo’yicha Harvard University (21-o’rin), University of Pennsylvania (30-o’rin), Imperial College London (31-o’rin), University of Washington (35-o’rin), Oxford University (49-o’rin) ham TOP-50 talik ro’yxatidan joy egallashgan.
O`zMU Axborot xizmati