O‘zbekiston Milliy universitetida Erasmus+ UNICAC loyihasi hamkorlari bilan seminar-trening o’tkazildi

Bugun Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Erasmus+ UNICAC loyihasi doirasida “Markaziy Osiyo va Xitoyda bilimlarni uzatish bo'yicha universitetlararo hamkorlik asoslari” mavzuida seminar-trening bo’lib o‘tdi. Mazkur anjumanni tashkil etishdan maqsad bugungi kunda milliy va xorijiy OTMlar faoliyatida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ilmiy salohiyatni yanada yaxshilash masalasida o‘zaro istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdan iborat. Dastlab, tadbirni Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o'rinbosari Komiljon Karimov kirish so’zi bilan ochib berib, o'z so'zida respublikamizdagi oliy ta'lim muassasalarini xalqarolashtirish, xorijiy professor-o'qituvchilar va xorijiy talabalarni jalb qilish, xalqaro loyihalarni yanada kebgaytirish yuzasidan fikr bildirdi. Shuningdek, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi nomidan xalqaro loyihalarni amalga oshirishdagi hamkorlik uchun Erasmus+ milliy ofisiga minnatdorchilik bildirdi.


Anjumanda respublikamizdagi bir qator OTM prorektorlari, tadqiqotchi olimlar, professor-o'qituvchilar, shuningdek, Italiya, Ispaniya, Finlandiya, Tojikiston Respublikasi xorijiy ekspertlari ishtirok etdi. Xorijiy mutaxassislardan Finlandiyaning Laurea amaliy fanlar Q&A universiteti professori Elina Wainioning “Xalqarolashtirish istiqbollari”, Italiyaning Turin universiteti professori Nadia Coggiolaning “UNICAC loyihasining asosiy xususiyatlari va yutuqlari” mavzuida ma’ruzalari bilan faol ishtrok etdi. Seminar-trening davomida OʻzMU mahalliy loyiha koordinatori Nilufar Sadullayeva tomonidan “UNICACning O'zMU uchun afzalliklari va ilg'or tajribani milliy darajada tarqatish”, TATU loyiha jamoasi yetakchisi bo’limi boshlig’i Xurshid Sattorov tomonidan “Eng yaxshi amaliyot - xalqarolashtirish bo'yicha qo'llanma” mavzuidagi ma’ruzalari tinglandi. Oliy ta’lim sifatini yaxshilash o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish xususida Laurea amaliy fanlar Q&A universiteti professori Elina Wainioning fikriga ko‘ra, universitet o'z ta'limi va amaliyotiga integratsiyalashgan xalqaro hamkorlik uchun qanchalik ko'p imkoniyatlar taqdim etsa, u shunchalik ko'p global miqyosda malakali bitiruvchilarni ishlab chiqaradi. " — Bu talabalarning ish bilan ta'minlanishi va karyerasiga, universitet xodimlarining professional kapitaliga, universitetning mahalliy va xorijdagi brendi va jozibadorligiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. OTMning xalqarolashuvi chinakam global fikrlaydigan shaxslar bilan yanada inklyuziv va o‘zaro bog‘langan aloqani yaratishda muhim rol o‘ynaydi” — deya ta'kidladi professor Elina Wainio.
Tadbir yakunida ishtrokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Shuningdek, OTMlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada yaxshilash yuzasidan taklif va mulohazalar tegishli mas’ullar tomonidan muhokama qilindi.



O`zMU Axborot xizmati